O‘zbekistonda notariat tizimida yangi tartib va qulayliklar joriy etiladi

O‘zbekistonda notariat tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi tartib va qoidalar joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan ayrim nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar ijro xati yozishi mumkin bo‘ladi. Bu tartib notarial bitimlarga asoslangan talablar, qarzni undiruvga qaratish va ijara hamda kommunal to‘lovlar yuzasidan qarzdorliklarga taalluqlidir.
2026-yil 1-apreldan notarius lavozimida bo‘lish uchun yosh chegarasi 65 dan 70 yoshga oshiriladi. Bunda Oliy malaka komissiyasi suhbatidan o‘tgan notarius o‘z xohishiga ko‘ra faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Shuningdek, notarius bo‘lish uchun ikki bosqichli tanlov joriy etiladi. Avval talabgorlar test sinovidan o‘tadi, keyin amaliy imtihonda hujjatlar loyihasini tayyorlab, muammoli vaziyatlarga javob beradi.
Xususiy notarius faoliyatini vaqtincha to‘xtatish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, litsenziya bekor qilinishi o‘rniga ogohlantirish va jarima kabi yumshoq choralar qo‘llanadi. Endilikda hujjatlar imzo, muhr yoki QR-kod bilan tasdiqlanadi.
2025-yil 1-dekabrdan nikoh shartnomasining aslini taqdim etish talabi bekor qilinadi. 2026-yil 1-yanvardan esa shaxsni aniqlash jarayoni elektron tizim va biometrik ma’lumotlar orqali amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-apreldan ko‘chmas mulk bitimlari elektron tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgach, yangi mulkdor haqidagi ma’lumotlar kommunal xizmatlar bazalarida avtomatik yangilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq huquqiy axborot yetkazishning yangi tartibi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.