Yangiliklar

O‘zbekistonning Afg‘onistonga 57 ta vertolyot bergani haqidagi xabar yolg‘on — TIV

Bu boradagi xabar avvalroq afg‘on OAVda tarqalgan edi
O‘zbekistonning Afg‘onistonga 57 ta vertolyot bergani haqidagi xabar yolg‘on — TIV / Foto: Stopterror.uz

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Afg‘onistonga 57 ta vertolyot topshirilgani haqidagi xabarni rad etdi. Avvalroq Kabul Times O‘zbekiston qo‘shni davlatga aviatsiya texnikasini berishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.

«Bu feyk», – dedi Kursiv Uzbekistan muxbiriga vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov.

Kabul Times toliblar vakili Zabihullo Mujohidga tayangan holda Toshkent yaqin kunlarda aviatsiya texnikasini Kobulga berishi haqida xabar qilgan edi.

Uch yil oldin Afg‘oniston harbiylari tomonidan O‘zbekistonga olib kelingan 46 dona aviatsiya texnikasi bor edi. Ular orasida transport vertolyotlari va shturmoviklar ham bo‘lgan. Joriy qishda Toshkent ushbu texnikalardan yettitasini AQShga topshirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistonga 265 tonna gumanitar yordam yuborgan edi.