Raqamli so‘m O‘zbekistonda qachon joriy etiladi

eʼlon qilindi
Samig‘jon Inog‘amov Kursiv Uzbekistan'ga ushbu jarayon bo‘yicha izoh berdi
Raqamli so‘m
Raqamli so‘m O‘zbekistonda qachon joriy etiladi / Foto: Sora yordamida yaratilgan

Raqamli so‘m Markaziy Bank tomonidan chiqarish rejalashtirilmoqda. Pul-kredit departamenti direktori Samig‘jon Inog‘amov Kursiv Uzbekistan’ga ushbu jarayon bo‘yicha izoh berdi.

«Biz CBDC’ni (Markaziy Bank tomonidan chiqariladigan raqamli valyuta — tahr.) joriy etish bo‘yicha hali o‘rganish bosqichidamiz. Taxminan bu jarayonga 5-6 yil vaqt ketadi. Ma’lumki, mamlakatimizda to‘lov tizimlari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Markaziy Bank tomonidan chiqariladigan raqamli so‘m valyutasi aholiga qanday afzalliklar berishi o‘rganiladi»,— dedi Samig‘jon Inog‘amov.

Uning qo‘shimcha qilishicha CBDC retail va hosale turlariga bo‘linadi. Retail bu aholi foydalanadigan, hosale esa banklar orqali o‘tkazmalarda qo‘llaniladigan raqamli valyuta.

«Bulardan foydalanishning asosiy maqsadi — blokchain texnologiyalari orqali tez va kam xarajat bilan pul o‘tkazmalarini amalga oshirish»,— dedi pul-kredit departamenti direktori.

Inog‘amov, shuningdek, retail CBDC jahon tajribasida qo‘llanilayotgani va yuqori muvaffaqiyat qozona olmayotganini ta’kidladi.

«Xitoy ushbu tizimni bir qator provinsiyalarda tashkil qildi. Lekin oldinroq aytilgandek, aholi orasida qancha mashhur qilishga harakat qilinsa-da, bunga talab yuqori emas»,— dedi Samig‘jon Inog‘amov.

«Aholi orasida qandaydir yangilik yaratsa, bu CBDC valyutaga talab bo‘lishi mumkin. Agar mamlakatda tezkor to‘lov vositalari yaxshi ishlasa va bu ham xuddi shunday vazifani bajarsa, talab bo‘lmaydi»,— deya qo‘shimcha qildi Inog‘amov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda steyblkoinlar to‘lov vositasi sifatida qachon qabul qilinishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek