
Saudiya Arabistonining Madinah Hilton mehmonxonasi o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarga ikki yillik mehnat shartnomasi asosida ish taklif etmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Tashkilotga xodimlarni Dhaef Global Recruitment” xususiy bandlik agentligi yuboradi. Agentlik 2023-yilda rasmiy litsenziya olgan va migratsiya agentligi reyestrida qayd etilgan.
Mehnat shartnomasi bevosita mehmonxona bilan tuziladi. Nomzodlardan 19 – 30 yosh oralig‘ida bo‘lish, mehmonxona va restoran tizimida kamida ikki yil ishlaganlik tajribasi hamda ingliz tilini «B2» darajasida bilish talab qilinadi. O‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar qabul qilinadi.
Ish shartlariga ko‘ra, xodimlar kuniga sakkiz soat ishlaydi, ularga yotoqxona va ovqatlanish taqdim etiladi. Maosh miqdori 500 – 1000 yevro atrofida belgilanadi.
Agentlik ishga yuborish jarayonida maslahat berish, hujjatlarni tayyorlash, ish beruvchi bilan rasmiy shartnoma tuzish va safarni tashkil etishda bepul yordam ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ishga joylashish mutlaqo ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi va agentlik hech qanday holatda ish beruvchi sifatida qatnashmaydi.
Ma’lumot uchun +998 77-2750550 , +998 77-2700550 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar Niderlandiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.