Yangiliklar

Surxondaryoda Suriya jangarilariga qo‘shilgan ekstremistik guruh fosh etildi

Ular 6 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi
Surxondaryoda Suriya jangarilariga qo‘shilgan ekstremistik guruh fosh etildi / Foto: Stopterror

Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi olib borgan tezkor tadbirlar davomida mamlakatimizda taqiqlangan «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilik tashkiloti tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yilda tashkil etilgan bu guruh tog‘oldi hududlarda diniy yig‘inlar o‘tkazib, ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilgan. Ular Suriya davlatiga borib, jangarilar safiga qo‘shilish va terrorchilik harakatlarini amalga oshirishni muhokama qilgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali xorijdagi terrorchilar bilan aloqa o‘rnatib, qo‘lbola portlovchi qurilmalar tayyorlash bo‘yicha elektron ko‘rsatmalardan foydalanishga uringan.

Guruhning 4 nafar a’zosi Suriya jangarilariga qo‘shilib ulgurdi. Qolgan 20 nafar faol ishtirokchiga esa sud hukmi o‘qilib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan 6 yildan 13 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi.

Shu bilan birga, ayrim a’zolarga nisbatan insonparvarlik tamoyillari asosida yengillik berilib, kechirimlilik siyosati qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlangan edi.