
Shavkat Mirziyoyev Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) va Markaziy bankka to‘lov usuli sifatida steyblkoinlardan foydalanishni tashkil etishni topshiriq bergan edi. Ushbu masalaga Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov izoh berdi.
«Bilamizki raqamli valyuta odatda ikki turga bo‘linadi. Birinchisi Markaziy bank tomonidan chiqarilgan, bu CBDC deyiladi. Ikkinchisi esa tijorat banklariga ruxsat beriladi steyblkoinlar chiqarishga, agar u mablag‘ bilan ta’minlangan bo‘lsa. Biz ikkala variantni ham ayni damda ko‘rib chiqmoqdamiz», – dedi Markaziy bank rahbari.
Ishmetovning aytishicha, O‘zbekistonda Markaziy bank va ILMA bilan buni tashkil qilib, test qilib ko‘rish rejalashtirilgan.
Test natijasiga ko‘ra, bu tizimni yo‘lga qo‘yish ko‘riladi. Aholida steyblkoinlarga talab bor yoki yo‘qligi alohida e’tiborga olinadi.
«Bu tizimda bitta xatar bor, chunki raqamli valyutalar bo‘yicha odatda kutilmalar balandroq bo‘ladi. Lekin dunyo tajribasi shuni ko‘rsatyaptiki, agar mamlakatda to‘lov tizimi yaxshi rivojlangan bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lov tizimlariga ehtiyoj bo‘lmaydi. Birinchi test qilib ko‘ramiz. Undan keyin amaliyotda qanday natija bersa, shunga e’tibor qaratamiz», – dedi Markaziy bank rahbari.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda to‘lovlarda steyblkoinlardan foydalanishni rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.