Toshkentda pulli to‘xtash joylari uchun rezidentlarga imtiyozlar joriy etiladi

Poytaxtda pulli to‘xtash joylari joriy etilgan ko‘chalarda yashovchi fuqarolar uchun maxsus rezidentlik ruxsatnomalari taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Bu tizim orqali ko‘p qavatli uylar aholisi o‘z mahallasi hududidagi to‘xtash joylaridan kechqurun va tungi paytlarda imtiyozli shartlarda foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, rezidentlarga kunduzgi vaqtda ham chegirmalar berilishi, bayram va dam olish kunlarida esa yanada kengroq imtiyozlar taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ruxsatnomani elektron tarzda olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda. Ular joriy yil noyabriga qadar to‘liq yakunlanishi belgilangan.
Mazkur ishlar nihoyasiga yetgach, Toshkent shahar hokimining qarori bilan rezidentlik ruxsatnomasini berish tartibi, amal qilish muddati, imtiyozlardan foydalanish shartlari hamda huquqqa ega bo‘luvchi fuqarolar toifasi aniq belgilanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ayrim taksichilar maxsus yo‘lakda harakatlanishi mumkinligi haqida yozgandi.