Tramp tarafdorining o‘ldirilishi AQShda siyosiy zo‘ravonlik kuchayayotganidan dalolat beradi — Reuters

AQShdagi mashhur konservativ bloger va Donald Trampning yaqin ittifoqchisi Charlz Kirkning o‘ldirilishi mamlakatda siyosiy zo‘ravonlik to‘lqinini kuchaytirishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Joriy yilning dastlabki olti oyida AQShda 150 ga yaqin siyosiy sabablarga ko‘ra hujum qayd etilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘p.
«Vaziyat juda xavfli. Agar bu jarayon to‘xtatilmasa, mamlakatda keng ko‘lamli tartibsizliklar boshlanishi mumkin», — degan Tadqiqotchi Mayk Jensen.
Mutaxassislarning fikricha, iqtisodiy qiyinchiliklar, irqiy va etnik demografiyaning o‘zgarishi, siyosiy nutqlardagi keskinlik hamda ijtimoiy tarmoqlardagi targ‘ibot zo‘ravonlikni kuchaytirmoqda. Siyosiy qarama-qarshilik endi oddiy siyosat emas, balki shaxsiy adovat tusini olayotgani ta’kidlanmoqda.
Kirk Yutadagi universitetda tadbir chog‘ida o‘qotar qurol bilan otib ketildi. Marhum 31 yoshda bo‘lib, Turning Point USA konservativ harakatini tuzgan. Tramp uni «Amerika yoshlari qalbini eng yaxshi anglagan inson» deb ta’riflagan. Hodisadan so‘ng siyosatchilar qo‘riqlash choralarini kuchaytirishni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan AQSh vizasini olish qoidalari yanada murakkablashgani haqida yozgan edi.