Sport

Oʻzbekiston va Qozogʻiston milliy terma jamoalari oʻrtasidagi oʻrtoqlik uchrashuvi bekor qilinishi mumkin

Ikki jamoa oʻrtasida bellashuv o‘tkazish gʻoyasi joriy yilning mart oyida muhokama qilingan edi

Foto: O‘FA

Oʻzbekiston va Qozogʻiston milliy terma jamoalari oʻrtasidagi oʻrtoqlik uchrashuvi borasida yangi tafsilotlar ma’lum boʻldi. Bu haqda «Vanya Amaki» telegram kanaliga tayanib, Sports.kz xabar bermoqda.

Manbaga koʻra, ikki jamoa oʻrtasida bellashuv oʻtkazish gʻoyasi joriy yilning mart oyidayoq muhokama qilingan. Oʻzbekiston Qozogʻiston futbol federatsiyasiga murojaat qilib, nazorat oʻyinini tashkil etishni taklif etgan.

Dastlab uchrashuv joriy yilning noyabr oyi oxirida oʻtkazilishi rejalashtirilgandi. Biroq vaziyatga yaqin mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur oʻyinning bo‘lib oʻtmaslik ehtimoli 90 foizni tashkil qilmoqda.

Sababi hozirda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiy masalasida muammoga duch kelgan. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) rahbariyati jamoani mundialga olib chiqqan Timur Kapadze oʻrniga xorijlik tajribali mutaxassisni jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Ayni vaqtda ehtimoliy nomzodlar qatorida daniyalik Kasper Yulmann, portugaliyalik Paulu Bentu, turkiyalik Fotih Terim va xorvatiyalik Slaven Bilich borligi aytilmoqda. Katta ehtimol bilan Oʻzbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi nomi kelasi bir oy ichida e’lon qilinadi.

Shu bois yangi mutaxassisga jamoani yigʻib, Qozogʻistonga qarshi oʻrtoqlik uchrashuviga tayyorlab chiqishi uchun vaqt yetarli boʻlmasligi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Germaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Yoaxim Lyov UFAning milliy jamoani boshqarish boʻyicha taklifini rad etgani haqida xabar berilgandi.