
Xpeng kompaniyasi tomonidan yangi Xpeng G7 EREV avtomobili namoyish etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model 1,5 litrli dvigatelga ega gibrid platformada ishlab, sof elektr rejimida 325 km masofani bosib o‘tishi mumkin. Yangi versiya tashqi ko‘rinishda mavjud elektr modeli bilan bir xil bo‘lib, kompaniyaning mashhur Robot Face konsepsiyasini davom ettiradi. Model 4918×1925×1655 mm o‘lchamda taqdim etilgan. G‘ildirak bazasi 2890 mmni tashkil etadi. Bu uni EV variantidan 26 mm uzunroq qiladi. Avtomobilning og‘irligi 2245 – 2255 kg oralig‘ida.

Quvvat tizimi 1,5 litrli DAM15NTE benzinli dvigatel (148 ot kuchi) va 218 kVt (292 ot kuchi) elektr motoridan iborat. Jami tizim quvvati 440 ot kuchini tashkil etadi. Bunga 55,8 kVt·soatlik LFP akkumulyator ulangan. Mashina maksimal 202 km/soat tezlikka chiqadi.

Hozirgi G7 EV modeli 602–702 km masofaga ega bo‘lib, narxi 195,8 mingdan 225,8 ming yuangacha ($27,5 – 31,7 ming). U CLTC siklida 10 daqiqalik tezkor zaryad orqali 436 km yurish imkoniyatini beradi.

EREV versiyasi yon kameralar, yashirin eshik tutqichlari, uch xil «X» shaklidagi disk dizayni va qora rangdagi tormoz kaliprlari bilan ajralib turadi. Shinalar 235/55 R19 yoki 255/45 R20 o‘lchamlarda taklif etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xitoyda yangi Xpeng P7 avtomobili savdoga chiqqani haqida yozgan edi.