Yakkasaroy tumanidagi plastmassa quvurlar ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi

Bugun, 11-sentabr soat 12:40 da Toshkent shahri Yakkasaroy tumani, Qushbegi ko‘chasida joylashgan plastmassa quvurlari ishlab chiqarish sexida yong‘in chiqdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xabar bermoqda.
Yong‘in-qutqaruvchilar soat 12:46 da hodisa joyiga yetib borishgan va 13:08 da yong‘in qurshab olingan. Soat 13:15 ga kelib yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar haqida xabar berilmadi. Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri hamda Toshkent shahar FVB boshlig‘i yetib borgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Yangihayot tumanining Chortoq mahallasidagi Rayhon ko‘chasida joylashgan qog‘ozni qayta ishlash sexida yong‘in yuz bergani haqida yozgan edi.