Avto

Yangi Voyah Taishan avtomobili taqdim etildi

Yangi model oltita o‘rindiqli konfiguratsiyada ishlab chiqariladi
Voyah Taishan avtomobili
Yangi Voyah Taishan avtomobili taqdim etildi / Foto: Voyah

Dongfeng Motor tarkibidagi Voyah premium brendi tomonidan Voyah Taishan avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Yangi model oltita o‘rindiqli konfiguratsiyada ishlab chiqariladi. Avtomobil Voyah’ning aqlli gibrid tizimi bilan jihozlanadi. Standart komplektatsiyada 65 kVt/soatli ternary litiy batareya o‘rnatilgan bo‘lib, u CLTC siklida 370 km sof elektr yurish masofasi va umumiy hisobda 1400 km dan ortiq yo‘l bosish imkoniyatini taqdim etadi. 5C tezkor zaryadlash texnologiyasi tufayli akkumulyatorni 20 foizdan 80 foizgacha atigi 12 daqiqada to‘ldirish mumkin.

Foto: Voyah

Avtomobilning old qismi katta «sharshara» uslubidagi panjara, LED chiroq chizig‘i va yoritilgan Voyah logotipi bilan ajralib turadi. Yon ko‘rinishda ikki rangli kuzov, o‘zgacha uslubdagi eshik tutqichlari mavjud. Orqa qismi esa to‘liq kenglikdagi LED chiroqlar bilan jihozlangan.

Avtomobilning uzunligi 5230 mm, kengligi 2025 mm, balandligi 1817 mmga teng. G‘ildirak bazasi esa 3120 mmni tashkil etadi.

Foto: Voyah

Texnologik tomondan Taishan to‘rtta LiDAR sensori, Huawei Qiankun ADS 4 avtopilot tizimi va HarmonySpace 5 kokpit tizimi bilan ta’minlangan. Shuningdek, havo osmasi va orqa g‘ildirakdan boshqaruv funksiyalari ham mavjud.

Bozorga chiqishi bilan yangi flagman Aito M9 va Zeekr 9X kabi premium modellar bilan raqobat qilishi kutilmoqda. CarNewsChina ma’lumotiga ko‘ra, boshlang‘ich narxi qariyb 450 ming yuan ($62 ming) atrofida bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan $28,2 ming dollarlik Voyah Courage yangilangani haqida yozgan edi.