Banklar va moliya

Yevropa Ittifoqining banklarga nisbatan sanksiyalariga Markaziy bank izoh berdi

Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ma’lumot berdi
Banklar reytingi
Sanksiyaga uchragan banklar bilan barcha amaliyotlar to‘xtatiladi. Foto: Unsplash

Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda regulyator raisi Timur Ishmetov sanksiyaga tushgan banklarga oid savollarga javob berdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.

Ishmetovning ta’kidlashicha, Markaziy bank bu masalaga jiddiy yondashadi va hozircha xavotirli vaziyat yo‘q. Agar sanksiyaga tushgan tashkilotlar bo‘lsa, avval ular bilan hisob-kitoblar yoki shartnomalar bor-yo‘qligi tekshirilib, so‘ng barcha amaliyotlar to‘xtatiladi.

«Bizda qanaqadir xavotirlar yo‘q. Sanksiyaga tushgan banklarni, masalan, Yevropa Ittifoqi yoki boshqa tashkilotlar e’lon qilganida, bizda har bitta bank o‘zi ham, Markaziy bank ham butun bazada ko‘rilib, mana shu tashkilotlardan bizni rezidentlarni savdo-sotiq shartnomalari bormi-yo‘qmi ko‘rilib, bu haqda banklarga yetkazilib barcha amaliyotlar to‘xtatiladi», deydi Ishmetov.

Bloomberg’ning yozishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Buning ichiga Markaziy Osiyoning ikkita banki ham kiritilishi, shuningdek, Rossiyaning bir necha banklari, energetika kompaniyalari, to‘lov va kredit tizimlari hamda kriptobirjalarga nisbatan cheklovlar kiritilishi mumkin. Shuningdek, Rossiya nefti savdosiga qo‘shimcha sanksiyalar qo‘yilishi ham muhokama qilinmoqda.

Ahamiyatli jihati shundaki, ilk bor Qozog‘istonga ham ikkilamchi sanksiyalar joriy etish ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda. Yangi paket 12-sentabrgacha Yevropa Ittifoqi davlatlari muhokamasiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi kengashining 18-sanksiya paketiga muvofiq, Rossiyaning 22 banki va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RTIJ) ustidan yangi moliyaviy cheklovlar o‘rnatilgandi. Ular orasida «T-Bank», «Surgutneftgazbank», «Yandeks-bank» va «Ozon-bank» ham bor.

Sanksiyalarga tushgan kredit tashkilotlarining ro‘yxati Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida chop etildi. Unda quyidagilar ham ko‘rsatilgan: «Sankt-Peterburg» banki, «SentroKredit» banki, «Metkombank», «Severgazbank», «Genbank», «Bistrobank», «Energotransbank», «Tatsotsbank», «Finam», «Zenit», «Ekspobank», «Loko-bank», «DOM.RF», «Transstroybank», «MSP Bank», «Lanta-bank», «Bank 131», «RostFinans Bank».

Endi ushbu banklar bilan har qanday moliyaviy operatsiyalar, jumladan, ilgari SWIFT (Butunjahon banklararo moliyaviy telekommunikatsiya jamiyati) tizimidan uzilgan banklar bilan ham barcha bitimlar taqiqlanadi.

Shuningdek, RTIJ, uning sho‘ba fondlari va aloqador kompaniyalari bilan tranzaksiyalar ham butunlay cheklab qo‘yildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu qadam sanksiyalarni kuchaytirib, Rossiya moliya tizimini izolyatsiya qilishga qaratilgan.