
Hamma avtomobillar ham birdek ishonchli emas. Ba’zilari tez-tez nosozlik chiqargani va yuqori texnik xizmat xarajatlari bilan mashhur. AQShdagi German Car Depot servisining egasi, mexanik Alan Gelfand 2025-yilda xarid qilmaslik kerak bo‘lgan 4 ta avtomobil haqida ma’lum qildi.
Nissan Altima

Nissan Altima (2013 – 2020) tashqi ko‘rinishi zamonaviy bo‘lsa-da, uning asosiy muammosi variator hisoblanadi. Mexanikning so‘zlariga ko‘ra, CVT tez-tez ishdan chiqadi va 100 ming km atrofida butunlay almashtirishga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston bozorida bu sedanlar 145 – 240 mln so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Chevrolet Spark

Chevrolet Spark arzonligi bilan jozibador ko‘rinsa-da, past yig‘ilish sifati, baland shovqin va sust dinamika uni yomon tanlovga aylantiradi. Mutaxassis Honda yoki Toyota’ning ishlatilgan mashinalarini tavsiya qiladi. Mahalliy bozorda hozirda modelning narxlari 70 – 95 mln so‘m atrofida.
Range Rover Evoque

Range Rover Evoque qimmatbaho, zamonaviy dizaynga ega krossover bo‘lsa-da, mexanik uni ishonchsiz deb ataydi. Unga ko‘ra, bu modelda moy oqishlari, uzatma nosozliklari va hatto elektr tizimining to‘liq ishdan chiqishi tez-tez uchraydi. O‘zbekistonda foydalanilganlari 395 mln so‘mdan boshlanadi.
Jeep Renegade

Jeep Renegade kichik shahar krossoveri sifatida qulay tuyulishi mumkin, ammo amalda unda tez-tez elektr nosozliklari, zaif boshqaruv va muammoli multimedia tizimi uchraydi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, bunday avtomobil egalari servisga tez-tez qatnashga majbur bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 400 ming kmdan ortiq xizmat qiladigan avtomobillar reytingi e’lon qilingani haqida yozgan edi.