
Chevrolet Cobalt hamon O‘zbekiston bozorida eng ommabop modelligicha qolmoqda. Ammo texnik xususiyatlari va qulayligi bilan Onix ham o‘z o‘rniga ega. Yanvar-iyul oylarida mos ravishda 74,7 ming Cobalt va 11,7 ming dona Onix avtomobillari sotilgan. Kursiv Uzbekistan nashri tomonidan Chevrolet Cobalt va Chevrolet Onix avtomobillari taqqoslandi.
Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
- Modellarning texnik xususiyatlari;
- Yonilg‘i turi;
- Modellarning salon va yukxona hajmi;
- Foydalanish qulayligi;
- Xavfsizlik tizimlari;
- Modellarining narxlari.
Texnik xususiyatlar

Cobalt 1,5 litrli, 4 silindrli benzin dvigateliga ega. Onix esa 1,2 litrli, 3 silindrli dvigatel bilan taklif etiladi. Oddiy atmosferik versiyada 90 ot kuchi, turbo versiyada esa 132 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi. Turbo Onix juda chaqqon. U 0–100 km/soat tezlikka 10 soniyada erisha oladi. Bu ko‘rsatkich budjet sedani uchun anchayin yaxshi.
Cobalt’ning mexanik yoki avtomat 6 pog‘onali uzatma qutisi variantlari bor. Onix ham 5 bosqichli mexanik quti yoxud 6 bosqichli avtomat (132 ot kuchlik turbo motor bilan) kombinatsiyada keladi.

Cobalt 1,5L dvigateli shahar sharoitida 100 km uchun taxminan 10 litr benzinga ehtiyoj sezadi. Onix kichik motor tufayli iqtisodiyroq. U 90 ot kuchli (MT) versiyasi o‘rtacha 5,5 l/100 km, turbo avtomat esa 6,5 l/100 km yoqilg‘i ishlatadi. Shahar ichida Onix AT taxminan 8 litr atrofida sarf qilishi mumkin. Magistral yo‘lda esa Onixning sarfi 4,7–4,8 l/100 km gacha tushishi mumkinligi aytilgan.
Yonilg‘i turi
Cobalt uchun AI-91 benzini yetarli bo‘lib, uning motori sifatsiz yonilg‘iga ham chidamli. Hatto AI-80 markali benzin bilan ham ishlashi mumkin. Shuningdek, Cobalt motori metan gazida ishlashga moslangan va zavoddan chiqishda maxsus tayyorgarlikka ega.

Onix esa zamonaviy yonilg‘i purkash tizimiga ega bo‘lib, faqat AI-95 benzin ishlatish tavsiya etiladi. Past oktanli yoki sifatsiz yonilg‘i ishlatilsa, dvigatelda nosozliklar paydo bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Onix motoriga gaz o‘rnatishga ruxsat berilmagan, ishlab chiqaruvchi metan va propandan foydalanishni qat’iyan man etadi.
Salon va yukxona hajmi
Har ikki avtomobil 5 o‘rindiqli bo‘lib, o‘lchamlari bir-biriga juda yaqin. Cobalt uzunligi 4479 mm, Onix esa 4474 mm atrofida. Kengligi bo‘yicha Cobalt 1735 mm, Onix 1746 mm. G‘ildirak bazasi ikkala mashinada ham 2600 mm bo‘lib, bu orqa o‘rindiqlarda oyoqlar uchun yetarlicha joy yaratadi.

Balandlikda esa farq seziladi: Cobalt kuzovi 1514 mm bo‘lib, Onix’dan biroz balandroq. Shu sababli Cobalt salonida bosh uchun qo‘shimcha bo‘shliq mavjud.
Yukxona hajmida ham Cobalt yetakchi. Uning bagaji 545 litr bo‘lsa, Onix’da bu ko‘rsatkich 469 litr bilan chegaralangan. Cobalt yukxonasiga gaz balloni o‘rnatilganda ham joy qoladi, bu esa uni oilaviy safarlar va taksi xizmati uchun qulay qiladi. Onix’da esa orqa o‘rindiqlar yotqizilmagan holatda 469 litr joy mavjud xolos.
Klirens bo‘yicha ham sezilarli tafovut bor. Onix yerga yaqin — atigi 136 mm. Cobalt esa 150–160 mm balandlikka ega. Shu bois Cobalt notekis yo‘llar va past-baland joylardan o‘tishda qulayroq bo‘lsa, Onix pastligi sabab balandroq to‘siqlarda ehtiyotkorlikni talab qiladi.
Foydalanish qulayligi
Onix’ning turbo versiyasi juda chaqqon bo‘lib, tezlanishi ravon va shahar ichida yengil harakat qiladi. Rul boshqaruvi aniqligi yuqori, katta tezlikda barqarorligi ham yaxshi. Bunga uning qattiqroq sozlangan osma tizimi yordam beradi. Shu bilan birga, qattiq osma tufayli to‘lqinsimon va notekis yo‘llarda avtomobil ancha silkinadi.

Cobalt’da esa osma nisbatan yumshoq va baland. U notekis yo‘llardagi zarbalarni yaxshiroq yutadi va kundalik haydashda silliqroq harakatni ta’minlaydi. Ammo yumshoq osma evaziga yuqori tezlikda boshqaruv aniqligi biroz pasayishi mumkin.
Dvigatel quvvati borasida Cobalt raqibidan ortda qoladi. Uning 106 ot kuchiga ega motori 0–100 km/soat tezlikka taxminan 12 soniyada (avtomat versiyada) chiqadi. Shunga qaramay, kuch ko‘rsatkichlari Gentra (107 hk) va eski Nexia-3 (105 hk) darajasida bo‘lib, oddiy shahar haydovi uchun yetarli dinamikani beradi. Onix turbo esa o‘z sinfidagi eng chaqqon avtomobillardan biri sanaladi va quvvat yetishmovchiligi deyarli sezilmaydi.

Shuningdek, Cobalt kuzovining baland orqa qismi ayrim noqulayliklar tug‘diradi. Masalan, orqaga qarab harakatlanishda salon oynasi orqali pastki qismni ko‘rish qiyin. Zavod komplektatsiyasida parktronik yoki kamera tizimi bo‘lmagani uchun haydovchi faqat yon oynalarga suyanadi. Onix’da esa LT komplektatsiyasidan boshlab orqa kamera va sensorlar mavjud bo‘lib, haydovchiga katta qulaylik yaratadi.
Shovqin va izolyatsiya borasida har ikkala avtomobil budjet segmentiga xos kamchiliklarga ega. Cobalt salonida tovush izolyatsiyasi kuchsizroq bo‘lgani sababli yo‘l shovqini va dvigatel ovozi ichkariga oson o‘tadi. Foydalanishning dastlabki 1–2 yilidan keyin esa salon qismlari bo‘shashib, g‘irchillagan tovushlar paydo bo‘lishi mumkin.

Onix’da ham qattiq plastmassa keng qo‘llangan va yig‘ilish sifati mukammal emas. Shu bois vaqt o‘tishi bilan turli g‘irchillash va kriklar paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud. Kuzov metalining ingichkaligi ham salonda shovqin kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababdan uzoq safarlarda ikkala mashinada ham qo‘shimcha tovush izolyatsiyasiga ehtiyoj tug‘iladi. Amalda ayrim egalari eshiklar va kapot ostiga qo‘shimcha izolyatsiya o‘rnatib olishmoqda.

Xavfsizlik tizimlariga kelsak, Onix zamonaviy platformaga asoslangan va barcha versiyalarida ABS tormoz tizimi hamda ESP barqarorlik nazorati standart sifatida mavjud. Bu xususiyatlar sirpanchiq yo‘llarda yoki favqulodda vaziyatlarda mashinani boshqarishni xavfsizroq qiladi. Cobalt’da esa ESP tizimi yo‘q, faqat ABS bilan cheklanadi. Shuningdek, Onix’ning yuqori komplektatsiyalarida yon tomon havo yostiqchalari ham bor. Cobalt esa faqat haydovchi va old yo‘lovchi uchun frontal yostiqchalar bilan jihozlangan. Kundalik haydashda bu farqlar sezilmasligi mumkin, biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan ularning ahamiyati katta.
Modellarning narxlari:
Model | Narxi (so‘m) |
---|---|
GX-OPTIMA AT PLUS | 146 455 000 so‘m |
GX-STYLE AT PLUS | 147 916 000 so‘m |
GX-MIDNIGHT AT | 155 231 000 so‘m |
Model | Chegirmadagi narx (so‘m) | Oddiy narx (so‘m) |
---|---|---|
LS MT | 161 900 000 | 176 900 000 |
1LT MT | 165 761 000 | 180 761 000 |
3LT MT | 169 750 000 | 184 750 000 |
LTZ Turbo AT | 184 899 840 | 199 899 840 |
Premier 1 Turbo AT | 196 994 720 | 211 994 720 |
Premier 2 Turbo AT | 204 580 480 | 219 580 480 |
Premier 2 Turbo AT PLUS | 206 640 160 | 221 640 160 |
Premier 2 Turbo AT PLUS wo C68 | 204 692 480 | 219 692 480 |
TURBO AT REDLINE | 215 624 800 | 230 624 800 |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas va Chery karry modellarini taqqoslagan edi.