Avto

Chevrolet Tracker 2026 avtomobili uchun Midnight Edition paketi taqdim etiladi

Narxi $695
Chevrolet Tracker 2026 avtomobili
Chevrolet Tracker 2026 avtomobili / Rasm Chat GPT yordamida sayqallangan / Manba: Chevrolet

GM kompaniyasi yangilangan Chevrolet Tracker 2026 avtomobili uchun Midnight Edition paketini taqdim etadi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Yangi to‘plam faqat LT komplektatsiyasi uchun taklif etiladi va avtomobilga qora rangdagi elementlar qo‘shib, yanada sportona ko‘rinish beradi. Paketga qora rangli 17 dyuymli disklar, qora Chevrolet logotiplari (bowtie), qora panjara chizig‘i, qora oynakopqoq, qora relslar va qora emblemalari kiradi.

Foto: Chevrolet

Ushbu paketning narxi $695 bo‘lib, avtomobilning umumiy narxiga qo‘shib hisoblanadi. Uni barcha kuzov ranglari bilan uyg‘unlashtirilishi mumkin. Xaridorlar qora elementlarni istalgan rangdagi kuzov bilan kombinatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Buyurtmalar 2025-yilning oktabr-noyabr oylarida boshlanishi, dastlabki yetkazib berish esa 2026-yilning birinchi choragida AQSh bozorida amalga oshirilishi kutilmoqda.

Texnik jihatdan 2026 Chevrolet Tracker 1,2 litrli turbomotor (137 ot kuchi, 162 Nm) va 6 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlanadi.

Foto: Chevrolet

Yuqori qismida ingichka LED chiroqlar o‘rnatilgan bo‘lib, asosiy faralar pastki qismga joylashtirilgan. Qimmatroq komplektatsiyalarda tuman chiroqlari ham mavjud. Old bamper va radiator panjarasi yangicha ko‘rinishga ega bo‘lgan, orqa qismida esa katta o‘zgarishlar qilinmagan, faqat fonarlar qoramtir tusda taqdim etilgan.

Shuningdek, sportona ko‘rinishga ega RS versiyasi ham taklif etiladi. Unda qora emblema, yaltiroq panjara, qora rangdagi oynalar va 17 dyuymli g‘ildirak disklaridan foydalanilgan.

Foto: Chevrolet

Salon qismida 8 dyuymli raqamli asboblar paneli va 11 dyuymli multimedia displeyi birlashtirilgan. Konditsioner boshqaruvi endi ikkita aylantiriluvchi tugma va kichik ekran orqali amalga oshiriladi. Qimmat variantlarda panoramali tom, simsiz zaryadlash, avtomatik to‘xtash yordamchisi, favqulodda to‘xtash funksiyasi hamda «ko‘r nuqtani» kuzatuvchi tizim kabi qulayliklar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangilangan Chevrolet Tracker avtomobilining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.