Yangiliklar

Ekologiyaga zarar yetkazayotgan 50 dan ortiq korxona poytaxtdan Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi

Charm va poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar
Ekologiyaga zarar yetkazayotgan 50 dan ortiq korxona poytaxtdan Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi. Foto: ochiq manbalardan

Poytaxtda ekologiyaga katta zarar yetkazayotgan 50 dan ortiq charm va poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi. Bu haqda viloyat hokimi Zoir Mirzayev ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu korxonalar uchun Ohangaron tumanidan avval ajratilgan 15 gektar yerga yana 20 gektar qo‘shilib, jami 35 gektar maydonda yangi charm klaster barpo etiladi.

«Toshkent shahrida joylashgan 50 dan ziyod charm bilan ishlaydigan, terini qayta ishlovchi poyabzal ishlab chiqaruvchilar ekologiyaga katta zarar yetkazadi. Bularni Toshkent viloyatiga olib kelish masalasida Ohangaron tumanida bir necha yillar davomida yechimini topmagan joy bor edi. Ya’ni charm klasterga yer ajratilgan 15 gektar yerga yana 20 gektar qo‘shildi va umumiy 35 gektar maydonga biz Toshkent shahrini 50 dan ziyod terini qayta ishlaydigan korxonalarni ko‘chiryapmiz», — deydi Mirzayev.

Prezident Toshkent viloyatida yig‘ilish o‘tkazdi: Islohotlar va yangi rejalar muhokamada

Shuningdek, Angren shahri Ohangaron suv ombori atrofida 168 gektar hudud turizm zonasi sifatida ajratiladi. Bu yerda Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlikda kapsula uylari va mehmonxonalar qurilib, kamida 600 nafar turistni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Loyihadan 700 dan ortiq odam ish bilan ta’minlanadi. Kelgusida bunday ekozonalar Parkent va Bo‘stonliq tumanlarida ham tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida 40 trillion so‘mlik dasturlar amalga oshirilishi haqida xabar qilingandi. Hozirda viloyatda xitoylik investorlar ishtirokida $2,1 mlrdlik sanoat parklari qurilmoqda. Shuningdek, 2025–2027-yillarda 40 trln so‘mlik dasturlar amalga oshiriladi. Bu orqali ishsizlik va kambag‘allik darajasi 4,5 foizga tushirilishi rejalashtirilgan.