Yangiliklar

Irkutsk — Toshkent reysidagi samolyot qush urilishi sababli aeroportga qaytdi

Samolyoti uchish jarayonida qushning dvigatelga urilishi oqibatida aeroportga qaytishga majbur bo‘ldi
Foto: Baykal-Angarsk transport prokuraturasi

Bugun, 12-sentabr kuni tongda Irkutsk xalqaro aeroportida favqulodda aviatsiya hodisasi yuz berdi. Soat 07:40 da Ural Airlines aviakompaniyasining A-319 samolyoti uchish jarayonida qushning dvigatelga urilishi oqibatida aeroportga qaytishga majbur bo‘ldi.

Mazkur havo kemasi 2719 reys bo‘yicha Irkutsk – Toshkent yo‘nalishida parvoz qilishi rejalashtirilgan edi. Vaziyatni inobatga olib, samolyot komandiri xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda bortni uchish yo‘lagidan qaytardi.

Samolyot bortida 6 nafar ekipaj a’zosi va 91 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmadi, samolyotning o‘zi ham shikastlanmagan.

Baykal-Angarsk transport prokuraturasi hodisa yuzasidan tekshiruv ishlarini boshladi. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruv parvozlar xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini o‘rganishga qaratilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Centrum Air aviakompaniyasi o‘n ikkinchi samolyotini xarid qilgani haqida yozgandi.