Lutfiy ko‘chasidagi qurilish sababli bir nechta avtobus yo‘nalishlari vaqtincha o‘zgaradi

Toshkent shahridagi Lutfiy ko‘chasining Farxod ko‘chasidan Shirin ota ko‘chasigacha bo‘lgan qismida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari sababli ayrim avtobus yo‘nalishlari vaqtincha o‘zgartirildi. Bu haqda Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Bir tomonlama harakat vaqtida 2, 9t, 13, 17t, 56 va 113-sonli avtobuslar Farxod, Katta Xirmontepa va Shirin ko‘chalari orqali qatnaydi.

Shuningdek, 41, 70, 127 va 150-sonli avtobuslar Kichik halqa yo‘li, Farxod, Maqsud Shayxzoda va Shirin ko‘chalari orqali o‘z yo‘nalishini davom ettiradi.
Tirbandlik kuchayishi mumkinligi inobatga olinib, qatnovlarda qo‘shimcha o‘zgarishlar kiritilishi ehtimoli bor. Shu sababli avtobuslarning harakat vaqti ham odatdagidan uzoqroq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 11-sentabrdan 1-oktabrgacha Toshkentning Uchtepa tumanidagi Lutfiy koʻchasining Farhod koʻchasidan Shirin koʻchasigacha boʻlgan qismi transport harakati uchun yopilishi haqida yozgandi.