Markaziy bank 9 ta bank va 6 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi avgust oyida 9-marta yig‘ilib, 51 ta masalani ko‘rib chiqdi va tegishli qarorlar qabul qildi. Bu haqda regulyator ma’lum qildi.
Shundan 32 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish bilan bog‘liq bo‘lib, yangi mikromoliya tashkilotlarini hisobga olish, kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirishlar kiritish, ustav fondidagi ulushlarga egalik qilishga ruxsat berish va banklarda audit o‘tkazish uchun sertifikat taqdim etish kabi masalalarni o‘z ichiga oldi. Shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolari nomzodlari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda kredit tashkilotlarining moliyaviy holati, prudensial me’yorlarga rioya qilinishi, inspeksiya natijalari va noqonuniy daromadlarni legallashtirish hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi choralar bo‘yicha 19 ta masala muhokama qilindi.
Qoidabuzarliklar uchun 14 ta bank va 2 ta to‘lov tashkiloti chora ko‘rish haqida ogohlantirildi. Bundan tashqari, 9 ta bank, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardga jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Bundan tashqari, ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirmagani sababli bir bankning litsenziyasi chaqirib olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqamli so‘m O‘zbekistonda qachon joriy etilishi haqida xabar bergan edik.