
Microsoft va OpenAI kompaniyalari o‘zaro yangi kelishuv imzoladi. Bu haqda Engadget ma’lum qildi.
Kelishuv texnologiyalar va daromadlarni taqsimlash qoidalarini yangilaydi. Shuningdek, Microsoftga OpenAI ishlab chiqqan ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda kengroq imkoniyat beradi.
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, OpenAI o‘zining notijorat tuzilmasiga kamida 100 milliard dollarlik aksiyalar paketini o‘tkazmoqda. Shu orqali notijorat kengash kompaniya faoliyati ustidan nazoratni saqlab qoladi.
Microsoft OpenAI’ga $13 mlrddan ortiq mablag‘ kiritgan va kelajakdagi foydaning 49 foizigacha ulushga ega bo‘lish huquqini qo‘lga kiritgan.
Yangi kelishuv ikki kompaniya o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni hal qilib, OpenAI’ning investitsiyalar jalb etishi va IPO orqali aksiyalarini ommaga taqdim etishiga imkon yaratadi. Bu esa sun’iy intellekt bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI va Sem Altman ChatGPT o‘smirning o‘z joniga qasd qilishi ortidan sudga berilgan edi.