
11-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Hozirda Toshkent shahrida yer bilan bog‘liq muammolar bor, ya’ni sanoatni rivojlantirish uchun hudud qolmagan. Shu bilan birga, poytaxt Toshkent viloyatining xizmatlar va turizm sohasidagi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmayapti. Sanoat korxonalarini viloyatga ko‘chirish orqali poytaxtda xizmat ko‘rsatish obyektlari yoki boshqa loyihalarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Sanoat viloyatga chiqadi, bo‘shab qolgan yerlarda esa xizmat, turizm va boshqa yo‘nalishlarda loyihalar paydo bo‘ladi», — dedi poytaxt hokimi.
Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Ohangaron suv ombori atrofida turistik loyiha yo‘lga qo‘yiladi. Qulay marshrutlar va infratuzilma yaratilgach, ushbu loyiha nafaqat poytaxt aholisi uchun dam olish imkoniyatini, balki Toshkent viloyatida yangi ish o‘rinlarini ham taqdim etadi.
Hokimning aytishicha, prezident Toshkent va Toshkent viloyatini bog‘lash yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashladi. Hozirda poytaxt va viloyat hokimliklari 60 ming ish o‘rni yaratishga mo‘ljallangan, umumiy qiymati $1 milliardlik 105 ta investitsiya loyihasini ishlab chiqqan. Korxonalarni viloyatga ko‘chirish hisobiga Toshkentda qo‘shimcha yer resurslari paydo bo‘ladi.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi prezidentga poytaxt aholisi uchun Toshkent viloyatiga qatnov yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Prezident bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, sanoat, xizmat ko‘rsatish va logistika yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni topshirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining sanoat, qishloq xo‘jaligi va iste’mol bozoridagi salohiyatini alohida ta’kidlagani haqida yozgandi.
Tezkor elektr poyezdlar orqali poytaxt bilan bog‘lanish, bo‘sh yerlarni samarali ishlatish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali Toshkent viloyatini yangi bosqichga olib chiqish vazifasi belgilangandi.