Ispaniya yetakchi, O‘zbekiston 25-o‘rinda — Goal nashri «JCh – 2026» favoritlari reytingini e’lon qildi

12-sentabr 2025 12:23 eʼlon qilindi

Nasrullo Karimov

Nasrullo Karimov

Muxbir
Foto: O‘FA

Mashhur Goal.com sayti «JCh – 2026» yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan jamoalarning turnirdagi imkoniyatlarini baholab chiqdi.

Jumladan, nashr O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham mudialdagi ishtiroki bo‘yicha o‘z taxminlarini bildirdi. Manbaga ko‘ra, ushbu reytingga Osiyodan 6 mamlakat kiritildi. Nashr favoritlari ro‘yxatida O‘zbekiston 25-o‘rinda qayd etildi.

«Bir necha marta imkoniyatni qo‘ldan boy bergan va ko‘plab alamli lahzalarni boshidan kechirgan O‘zbekiston nihoyat o‘z orzusiga yetdi — jamoa ilk bor Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etadi.

Shubhasiz, O‘zbekistonning mundialda guruhdan chiqish imkoniyatlari unchalik yuqori emas. Biroq jamoaning asosiy umidi kuchli mudofaaga tayanishdir. Himoya chizig‘ida «Manchester Siti» markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov boshchilik qiladi. Hujumda esa tajribali sardor Eldor Shomurodov («Istanbul Bashakshehir») va iqtidorli vinger Abbosbek Fayzullayevning («Istanbul Bashakshehir») o‘yini muxlislar uchun umid uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston futboli tarixida yangi sahifa ochildi. Endi esa jamoaning asosiy maqsadi — ilk mundialda munosib ishtirok etish va butun o‘zbek xalqini quvontirishdir», deyiladi Goal.com xabarida.

Nashrga ko‘ra, Ispaniya milliy terma jamoasi chempionlik uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rsatilgan. Kuchli o‘nlik esa quyidagicha ko‘rinish olgan:

  1. Ispaniya
  2. Argentina
  3. Angliya
  4. Portugaliya
  5. Fransiya
  6. Germaniya
  7. Niderlandiya
  8. Braziliya
  9. Marokash
  10. Ekvador

Osiyo jamoalari orasida Koreya Respublikasi va Yaponiyaning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. Ular mos ravishda 11 va 12-o‘rinlarda qayd etilgan. Shuningdek, CAFA Nations Cup – 2025 finalida O‘zbekistonga mag‘lub bo‘lgan Eron 22-o‘rindan joy olgan. Avstraliya 21, Iordaniya esa 26-o‘rinni egallagan.

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yini bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek