O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida do‘stlik jamiyati tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar qo‘mitasining yig‘ilishi doirasida «O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stlik jamiyati» ta’sischilarining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Majlisda ikki davlat o‘rtasida iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish hamda do‘stlik ruhini qaror toptirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’sischilarning qarori bilan Bahrom Norqobilov jamiyat raisi etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi yillarda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida savdo, investitsiya, transport va ta’lim sohalarida hamkorlik sezilarli faollashgan. Yangi jamiyat esa ushbu aloqalarni yanada mustahkamlash va xalqlar o‘rtasida do‘stlik ko‘prigini qurishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy aeroporti Mo‘g‘uliston yuk aviakompaniyasining ilk reysini qabul qilgani haqida xabar bergan edik.