
19-sentabrdan boshlab dunyo bo‘ylab Apple’ning yangi mahsuloti — iPhone 17 savdoga chiqariladi. Reyting.kz Kursiv Uzbekistan’ga O‘zbekistonda iPhone 17 sotib olish uchun necha kun ishlash kerakligi haqida ma’lumotlarni taqdim etdi.
Ranking.kz hisob-kitoblariga ko‘ra, iPhone 17 (256 GB) xarid qilish uchun eng kam kun ishlash talab etiladigan davlatlar qatorida Shveysariya yetakchilik qildi. U yerda yangi telefonni olish uchun atigi 3 kunlik oylik yetadi. Shuningdek, Lyuksemburg, Islandiya, Singapur va AQSh ham kuchli beshlikdan joy oldi.
MDH va Markaziy Osiyo davlatlarida esa vaziyat boshqacha. Masalan, O‘zbekistonda iPhone 17 xarid qilish uchun 40 ish kuni kerak bo‘ladi. Bu esa o‘rtacha oylik maoshning 1,8 baravariga teng. Numbeo ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi $491,1 yoki 6,1 mln so‘mni tashkil etadi.
Eng arzon modeli, 128 GB xotirali variantining narxi $799 etib belgilangan. Kengaytirilgan Air va Pro Max versiyalari esa $1000 – 1700 oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.
TrendForce prognozlariga ko‘ra, eng qimmat iPhone 17 Pro Max’dan (1 TB) $1700 boshlanadi. Shunga qaramay, mamlakatlar bo‘yicha xarid imkoniyatlari keskin farq qiladi.
Eslatib o‘tamiz, smartfon narxlari kompaniyaning rasmiy saytida belgilangan narxlar bilan taqqoslangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 iPhone 16’dan qaysi jihatlari bilan ustunligi haqida yozgan edi.
Apple’ning yangi iPhone 17 modeli iPhone 16’ga qaraganda sezilarli yangiliklar bilan taqdim etildi. Kursiv Uzbekistan Palach nashriga tayanib, qiziqarli ma’lumotlarni to‘pladi.
Ekran — iPhone 17 endi ProMotion texnologiyasiga ega, ya’ni 120 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, 1 Hz gacha tushira olishi tufayli Always-On Display funksiyasi ham ishlaydi. Ekran o‘lchami ham kattalashdi: 6,1 dyuymdan 6,3 dyuymga.