O‘zbekistonliklarning aksariyati kuz faslini ish va karyera uchun muhim davr deb hisoblamoqda

eʼlon qilindi
43 foiz xodimlar esa qo‘shimcha dam olish kunlari yoki bonuslarni muhim deb hisoblagan
Kuz faslining ilk kunlari ko‘plab odamlar uchun o‘quv va ish mavsumining faol bosqichi hisoblanadi. Foto: Afisha.uz

Kuz faslining ilk kunlari ko‘plab odamlar uchun o‘qish va ish mavsumining faol bosqichi hisoblanadi. Shu davrda ko‘pchilik yozgi dam olishdan ish rejimiga qaytadi.

Head Hunter’ning Kursiv’ga ma’lum qilishicha, platforma tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda yuzga yaqin o‘zbekistonlik sentabr oyini qanday kutib olgani, ishga qaytishda nimalar yordam berishi hamda kuzgi rejalarini qanday belgilagani o‘rganildi.

Unga ko‘ra, respondentlarning 55 foizi yangi vazifalarga to‘liq tayyorligini bildirgan. Shu bilan birga, 27 foizda ozgina charchoq sezilsa-da, ishlashga shay ekani qayd etilgan. Har to‘rtinchi ishtirokchi yozdan keyingi charchoqni tan olgan, 12 foiz esa ish ritmiga qaytishda stress his qilmoqda.

Yozdan keyingi ish kayfiyati

Yozgi kayfiyatdan ish rejimiga o‘tishda odamlarni ko‘proq yangi loyihalar va aniq maqsadlar ruhlantiradi. So‘ralganlarning 40 foizi yangi vazifa motivatsiya berishini aytgan, 39 foizi esa rejalashtirish yordam beradi, deya javob bergan. Uchdan bir qismi sport va faol harakatni muhim deb bilgan, chorak qismi esa qisqa qo‘shimcha ta’til istashini bildirgan.

Shuningdek, sentabr oyidagi umumiy hissiyotlar ham turlicha. Har uchinchi kishi hech qanday o‘zgarish sezmaganini aytgan. Yana shuncha odam yoz tugagani uchun ozgina xafa ekanini tan olgan. Atigi chorak qism respondentlarda optimizm va ilhom ustunlik qilgan, 19 foiz esa ish yuklamasi sababli xavotir sezmoqda.

Ish unumdorligi

Ish unumdorligiga kelsak, so‘rov natijalarida uchdan bir kishi sentabrni maksimal samaradorlik bilan boshlagan. Yana 33 foiz yaxshi, lekin ba’zi pasayishlar bilan ishlayotganini bildirgan. Shu bilan birga, 25 foiz ishga e’tibor qaratishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytgan. 19 foiz esa ish ritmiga umuman kira olmagan yoki juda sust ishlayotganini ta’kidlashgan.

Kuzgi rejalar

Kuzgi rejalarda esa ustuvorliklar yaqqol ko‘rinadi. 60 foiz respondent ish va karyeraga e’tibor qaratishni asosiy maqsad qilib olgan. 36 foiz ta’lim va rivojlanishni, 30 foiz esa oilaviy hayot va sog‘liqni muhim sanagan. Bor-yo‘g‘i 10 foiz kuzgi davrni sayohat va dam olish bilan bog‘lagan.

So‘rovda kompaniyalar xodimlarga moslashishda qanday yordam berishi mumkinligi ham o‘rganildi. Xodimlarning 44 foizi moslashuvchan ish rejimini, 43 foizi esa qo‘shimcha dam olish kunlari yoki bonuslarni muhim deb hisoblagan. 33 foiz ta’lim va rivojlanishga, 26 foiz esa jamoaviy tadbirlarga ahamiyat berishini bildirgan.

Avvalroq «Kursiv» o‘zbekistonlik xodimlarning uchdan bir qismi ayrim ishlarni SIga topshirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.

Shuningdek