
Toshkent viloyatining Parkent tumanida gastronomik ko‘cha va Uzumlar uyi ochiladi. Bu haqda Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Tuman hokimi Toshkentdagi Taras Shevchenko nomli gastronomik ko‘cha ishga tushirilgach, bu hududga kelayotgan turistlar soni uch baravarga oshgan, tadbirkorlarning tushumi esa 40 foizga ko‘payganini aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat 2024-yilning dastlabki olti oyida gastroko‘chada faoliyat yuritayotgan 62 nafar tadbirkorning umumiy daromadi 152 milliard so‘mni tashkil qilgan. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 66 milliard so‘mga oshib, 218 milliard so‘mga yetgan. Davlat budjetiga tushumlar ham 38 milliard so‘mdan 48 milliard so‘mga ko‘tarilgan.
«Bunday samarali tajribani Toshkent viloyatining boshqa shahar va tumanlarida ham joriy etish rejamizda bor. Xususan, bizga biriktirilgan Parkent tumanidan maxsus hududni tanlab, gastroko‘cha tashkil etamiz», — dedi Sayfutdinov.
Parkent tuman hokimiyati bilan hamkorlikda uzumchilik uyini yaratish loyihasi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida 2–2,5 ming ish o‘rni yaratishga mo‘ljallangan markaz tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Uchtepa tumani hokimi Bunyod Mamajonov Toshkent viloyatining Zangiota tumanida kun-u tun faoliyat yurituvchi «yashil hudud» ya’ni gastronomik ko‘cha tashkil qilishni rejalashtirayotganini aytib o‘tdi. Buning natijasida Zangiotadan Uchtepaga mavsumiy ishlar uchun kuniga kelib ishlaydigan 1,8 mingga yaqin aholi ish bilan ta’minlanadi.

Shu bilan birga, tumanda joylashgan korxonalarni Zangiotaga ko‘chirib o‘tish bo‘yicha kompensatsiyalar ajratiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ohangaron suv ombori atrofida turistik loyiha yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.