Yangiliklar

Toshkent viloyatidan qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari poytaxt ichkarisigacha qachon uzaytiriladi

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi
Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamaganlar 37 ming so‘m jarima to‘laydi
Toshkent viloyatidan qatnaydigan avtobus yo‘nalishlari poytaxt ichkarisigacha uzaytiriladi. Foto: Transphoto.com

Tarmoqda Toshkent viloyatining chekka tumanlaridan poytaxtga qatnovchi avtobus yo‘nalishlarini uzaytirish rejasining amalga oshmayotgani muhokama qilinmoqda. Rasmiylar esa bu jarayon bosqichma-bosqich bajarilayotgani, tegishli hujjatlar ishlab chiqilib, tender asosida ishlar yo‘lga qo‘yilishini bildirdi.

Kuni kecha, 11-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari Toshkent viloyatining barcha tumanlarini nafaqat avtobus, balki tezkor elektr poyezdlar orqali ham poytaxt bilan bog‘lash topshirig‘ini bergandi. Bu, ayniqsa, Bekoboddan Chinozgacha bo‘lgan chekka hududlarda yashab, har kuni Toshkentga qatnovchilarga katta qulaylik yaratishi kutilmoqda.

Ammo iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, prezidentning ikki oy avval bergan topshirig‘i hali bajarilmagan. Rejaga ko‘ra, halqa yo‘liga keladigan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15–20 kilometrga uzaytirilishi va oltita yangi marshrut ishga tushirilishi kerak edi. Bu tizim 1-sentabrdan joriy etilishi belgilangan bo‘lsa-da, hozircha birorta yo‘nalish tutash hududlarga cho‘zilmagan.

«Bugun 12-sentabr va hozircha halqa yo‘ligacha keladigan bironta avtobus marshruti tutash hududlarga cho‘zilganini ko‘rganimiz yo‘q. O‘quv yili boshlanishi bilan Qibray, Toshkent, Zangiota tumanlarining poytaxt biqinidagi hududlaridan o‘n minglab avtomobillar ertalab poytaxtga, kechki payt ortga qatnashda shahar ko‘chalaridagi tirbandlikni oshirishda davom etmoqda», — deya qayd etgan iqtisodchi o‘z Telegram sahifasida.

Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi bu masalaga rasmiy munosabat bildirib, yo‘nalishlarni uzaytirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hozirda hujjatlar ishlab chiqilmoqda, ular tasdiqlangach, ochiq tender o‘tkazilib, g‘olib kompaniya bilan shartnoma imzolanadi. Shuningdek, yo‘nalishlar uzaytirilishi munosabati bilan qo‘shimcha avtobuslar ajratilishi va kutish vaqti cho‘zilmasligi uchun choralar ko‘rilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, boshqarmaning ta’kidlashicha, texnik, tashkiliy va xavfsizlik masalalari ham hal qilinmoqda. Yagona transport tizimini shakllantirish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Lutfiy ko‘chasidagi qurilish sababli bir nechta avtobus yo‘nalishlari vaqtincha o‘zgarishi xabar qilingandi.