
Smartfon g‘ilofi gadjetni tirnalish, zarba va boshqa shikastlanishlardan himoya qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, ko‘plab foydalanuvchilar uchun telefonni g‘ilof bilan ishlatish ancha qulay bo‘ladi. Bozorda oddiy silikon qoplamalardan tortib, qo‘shimcha funksiyali maxsus modellarigacha turli xil variantlarni topish mumkin. Savol tug‘iladi: qaysi g‘ilofni tanlash eng maqbul?
Kursiv Uzbekistan telefoningiz uchun g‘ilof tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligini tushuntiradi.
Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:
- G‘iloflarning moslik masalasi
- Asosiy turlari
- Material va dizayn
- Texnologik imkoniyatlar
- Qaysi g‘ilof kimga mos
- 2025-yilining trend g‘iloflari
G‘iloflarning moslik masalasi

G‘iloflar ikki toifaga bo‘linadi: universal va aniq bir model uchun ishlab chiqilgan. Universal g‘iloflar hozirda kamroq uchraydi. Shuningdek, sport uchun mo‘ljallangan yoki suv o‘tkazmaydigan akvakeyslar ham universal turkumga kiradi.
Biroq ko‘pchilik uchun eng qulay variant — aynan telefon modeli uchun tayyorlangan g‘iloflar. Ular korpus o‘lchamlariga, tugmalar va kameralar joylashuviga to‘liq mos keladi. Natijada foydalanish yanada qulay va xavfsiz bo‘ladi.
Shu bilan birga, g‘iloflar smartfonda video yoki fotosurat olayotganda ham noqulaylik tug‘dirmasligi lozim. «Kursiv» oldinroq qanday qilib telefon kamerasi bilan professional kadrlar olish mumkinligi haqida yozgandi.
Asosiy turlari
Smartfon g‘iloflarining uch asosiy turi keng qo‘llanadi:
Nakladka (qoplama) — eng mashhur variant. Ingichka va yengil bo‘lib, telefonning orqa va yon tomonlarini himoya qiladi. Ekranni esa qo‘shimcha himoya uchun odatda maxsus shisha bilan to‘ldirish lozim.

Bamper — faqat yon qirralarni qoplaydi, telefonning asl dizaynini saqlashni xohlovchilar uchun mos. Lekin ekran yuzasi ochiq qoladi.

Kitobcha (flip-case) — qurilmani to‘liq himoya qiladi, ekran uchun yopiladigan qopqog‘i mavjud. Ba’zilarida kartalar uchun cho‘ntak ham bo‘ladi, ammo bunday g‘iloflarning ko‘pincha hajm biroz og‘irroq bo‘ladi.

Material va dizayn
G‘iloflarning chidamliligi va qulayligi, avvalo, ularning materiali bilan bog‘liq. Quyida materiallarning turlari keltirilgan:
Silikon va termopoliuretan (TPU) — eng ommabop variant, yumshoq va zarbaga chidamli.
Plastik — qattiqroq, tirnalishga chidamli, lekin moslashuvchan emas.
Metall — eng kuchli himoya, biroq og‘irlik qo‘shadi va sovuqda noqulay.
Teri va mato — estetik ko‘rinish beradi, lekin himoya kuchi pastroq.
Shisha — orqa panel uchun ishlatiladi, zamonaviy ko‘rinadi, biroq mo‘rtroq.
Dizayn masalasi ham muhim. Ayrim modellarda karta cho‘ntaklari, qo‘lga ilashadigan halqa yoki hatto qo‘shimcha akkumulyator ham bo‘ladi.
Texnologik imkoniyatlar
Hozirda ko‘plab smartfonlar simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun g‘ilof tanlashda u mos keladimi-yo‘qmi, albatta, tekshirish kerak.

Bundan tashqari, zarbaga chidamli modellarda burchaklar mustahkamlangan bo‘ladi. Premium segmentda esa smart funksiyali kitobcha-g‘iloflar bor: masalan, qopqog‘ini ochmasdan turib vaqt yoki xabarlarni ko‘rish imkoniyatiga ega.
Qaysi g‘ilof kimga mos
Oddiy kundalik foydalanish uchun — ingichka nakladka. Dizaynni yashirmaslikni istaganlarga — bamper. Telefon ko‘pincha sumkada yoki cho‘ntakda bo‘lsa — kitobcha-g‘ilof. Faol hayot tarzini olib boradiganlar uchun — zarbaga chidamli modellar. Texnologiyani qadrlaydiganlarga — magnitli yoki smart funksiyali g‘iloflar.

Smartfon g‘ilofi — bu faqat tashqi bezak emas, balki muhim himoya vositasi. U tanlovingizda sizning kundalik odatlaringiz, ehtiyojlaringiz va uslubingiz hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
2025-yilining trend g‘iloflari
Bu yil OtterBox’ning Commuter Series va Defender Series kabi bardoshli, zarbaga chidamli va qo‘shimcha himoyaga ega g‘ilof modellari ommalashdi.

INS-style / Liquid Silicone soft full protection g‘iloflari — iPhone va Samsung Galaxy seriyalari uchun yumshoq silikon materialda yaratilgan, rang-barang bozorlarda «Instagram trendi» sifatida ommalashgan modellar hisoblanadi.

Shuningdek ayollar orasida 2025-yilda Rhode brendining noodatiy g‘ilofi ham urfda bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan telefonni to‘g‘ri zaryadlash hamda batareya umrini uzaytiruvchi muhim qoidalar haqida yozgandi.