Yangiliklar

Tilmoch AI startapiga 150 ming dollar sarmoya kiritilmoqda

Platforma hozirda yetti tilda tarjima xizmatlarini taklif qiladi
Tilmoch AI 150 ming dollar investitsiya oldi. Foto: AloqaVentures

O‘zbek va boshqa turkiy tillar uchun sun’iy intellekt asosida ishlovchi Tilmoch AI startapi $150 ming sarmoya jalb qildi. Bu haqda Aloqa Ventures xabar berdi.

Investitsiya raundida Aloqa Ventures $60 ming, Yoshlar Ventures $50 ming va IT Park Ventures $40 ming kiritdi.

Platforma hozirda yetti tilda tarjima, imlo va grammatika tekshiruvi xizmatlarini taklif qilib, 130 mingdan ortiq oylik foydalanuvchi va 50 dan ziyod korporativ mijozlarga ega.

Tilmoch AI ilgari ham yirik mukofotlarga ega chiqqan: 2022-yilda mGovAward tanlovida $50 ming, 2023-yilda esa President TechAwardda $100 ming yutgan. Endilikda startap turkiy tillar bozorida xalqaro raqobatbardosh AI platformaga aylanishni maqsad qilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetika ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshirilishi xabar qilingandi. Tizim samarali bo‘lishi uchun BAA bilan hamkorlikda «Bir million sun’iy intellekt yetakchilari» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Shu yilning o‘zida AI study platformasi orqali kamida 100 ming yosh sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganadi.

Bundan tashqari, Startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. Ularni moliyalashtirish uchun $145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Prezident bu ko‘rsatkich bir milliard dollarga yetkazilishini ta’kidladi.