Uzum Market’da biznesni qanday boshlash mumkin: Tillife tajribasi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan Izzatilla Tillayev bilan platformada savdoni qanday boshlash mumkinligi, nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida suhbatlashdi
Foto: Izzatilla Tillayevning shaxsiy arxividan

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda onlayn savdo jadal rivojlanmoqda. O‘tgan uch yilda marketpleyslar soni 24 tadan 163 taga ko‘paydi. Bu jarayonda Uzum Market alohida o‘rin egallab kelmoqda. Aksariyat tadbirkorlar ushbu milliy marketpleys orqali bozordan onlayn savdoga o‘tmoqda.

Kursiv Uzbekistan ushbu onlayn bozorda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan Izzatilla Tillayev bilan platformada savdoni qanday boshlash mumkinligi, nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida suhbatlashdi.

Izzatilla Tillayev — Tillife poyabzal do‘koni asoschisi. Do‘kon bir yildan kamroq vaqt ichida 24 000 dan ortiq buyurtmalarni qabul qildi.

Ta’limdan savdoga: yangi izlanishlar

O‘z faoliyatimni dastlab ta’lim sohasida boshladim va Europe School o‘quv markazini ochdim. Ammo vaqt o‘tishi bilan o‘zimni boshqa yo‘nalishda sinab ko‘rishni xohladim. So‘ng onlayn savdo bilan shug‘ullanishga qaror qildim.

2024-yilda marketpleyslarda faoliyat yuritayotgan rossiyalik tadbirkorlar bilan yopiq seminarda qatnashdim. Ularning biznes hikoyalari meni qiziqtirib qo‘ydi va shu yili oktabr oyida Uzum Market’da o‘z biznesimni yo‘lga qo‘ydim.

Nega aynan poyabzal?

Uzum Market’dagi faoliyatimni ayollar poyabzali savdosidan boshladim. Marketpleysdagi raqobatchilar, platformaning imkoniyatlarini tahlil qildim. Shuningdek, menga bu sohaga yo‘l ko‘rsatgan inson onlayn bozordagi savdosini shu yo‘nalishda boshlaganini so‘zlab bergani ham turtki bo‘ldi.

Platformada biznes boshlash uchun bizda 30 million so‘m boshlang‘ich kapital bor edi. Dastlab 10 turdagi poyabzal bilan ochilgan Tillife do‘koni bugungi kunga kelib 100 dan ortiq assortimentga ega. Hozirda mahsulotlarimiz, asosan, Xitoydan import qilinmoqda.

24 mingdan ziyod sotuv va kengayib borayotgan bozor

Qariyb bir yil ichida bizning mahsulotlarimiz 24 ming martadan ortiq sotildi. Bugungi kunda savdo aylanmamiz 1,5 milliard so‘mga yetdi. Dastlabki mahsulotlarni Toshkent shahridagi Abu Saxiy bozoridan olgan bo‘lsak, bugun ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqaro yetkazib beruvchilardan olyapmiz.

Onlayn savdoning asosiy afzalligi shundaki, u hudud bilan cheklanmagan. Misol uchun, agar Toshkentda oddiy do‘kon ochib, savdoni yo‘lga qo‘yganimizda mahsulotlarimizni katta qismini faqat shu hududdagina sotgan bo‘lardik. Uzum Market esa butun O‘zbekiston bo‘ylab savdo qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, savdo 24 soat davom etadi. Hozir jamoamizda atigi to‘rt kishi bor, ammo biz marketpleys logistikasi tufayli butun respublika bozorini qamrab oldik.

Xaridorlar ishonchini qozonish

Onlayn savdoning asosiy muammolaridan biri — ishonch masalasi. Dastlab xaridorlarda shubha bo‘ldi. «Mahsulot rasmdagidekmi, sifati qanday?» kabi savollarga ko‘p duch keldik. Bunday paytda poyabzalning rasmi va unga yozilgan tavsif muhim o‘rin tutadi. 

Xaridorlarning taxminan 40 foizi odatda poyabzalning ikki xil o‘lchami, ya’ni o‘zining o‘lchamidan bitta katta yoki bitta kichigini ham qo‘shib buyurtma qiladi. Qabul qilish punktida esa mos kelmaganini tez va qulay shaklda qaytarib yuboradi. Shu bilan birga, bizda mahsulot sifati pastligi jihatidan e’tirozlar deyarli bo‘lmaydi.

«Ko‘proq sotsa — ko‘proq yutadi» tamoyili

Bizning biznes strategiyamiz oddiy, ya’ni mahsulotni raqobatchilarga qaraganda arzonroq narxlarda va katta hajmda sotamiz. Ba’zi tadbirkorlar mahsulotga ustama narx qo‘yib savdo qiladi. Biz esa narxni ikki baravarga tushiramiz va natijada uch baravar ko‘proq mahsulot sotamiz. Shu bois uch oyga mo‘ljallangan rejani bir oyda bajaramiz. Ushbu strategiya darhol katta foyda bermasa-da, uzoq muddatli savdoda barqarorlikni ta’minlaydi.

Yangi boshlovchilarga maslahat

Uzum Market’da ishni yangi boshlayotganlar ko‘pincha yo‘nalishni tanlashda qiynaladi. Mening maslahatim eng arzon narxda mahsulotni topib, shu bilan boshlash kerak. Tajriba ortgach esa assortimentni kengaytirish mumkin. Muhimi — ishni sevish va hech qachon to‘xtab qolmaslik.

Shuningdek