
Xitoy sanoat va savdo vazirligi bazasida Zeekr X va Zeekr 7X elektromobillari haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Yangilangan Zeekr X endi kuchliroq orqa elektr motoriga ega. Uning maksimal quvvati 250 kVtni (335 ot kuchi) tashkil etadi. Oldingi versiyada bu ko‘rsatkich 200 kVtni (268 ot kuchi) edi. Tashqi dizayni esa o‘zgarishsiz qoldi.

Avgust oyida 465 dona Zeekr X sotilgan, yil boshidan buyon umumiy sotuvlar soni 4 611 donaga yetgan. Bu natija modelni Xitoy SUV bozori reytingida oy davomida 79-o‘rin, yil yakuniy ko‘rsatkichida esa 76-o‘ringa olib chiqdi.
Hozirda bozor uchun 4 ta komplektatsiya taqdim etilgan bo‘lib, ular 4 va 5 o‘rinli variantlarda ishlab chiqariladi. Narxlar 149 000 – 179 000 yuan ($20, 9 mingdan $25 minggacha) oralig‘ida.

Zeekr X yangilangan modeli o‘zining zamonaviy ko‘rinishi va boy jihozlari bilan ajralib turadi. Old qismida 56 ta LED kunduzgi chiroqlar, yuqorida esa 1,21 m² hajmdagi panoramali tom oynasi joylashgan. 1,5 metr uzunlikdagi tom, 229 ta LED dioddan iborat fonar avtomobilga yanada joziba bag‘ishlaydi. O‘lchamlari 4450 × 1836 × 1572 mmga teng. G‘ildirak bazasi 2750 mm.ga teng. Model 18, 19 va 20 dyuymli disk variantlari bilan taklif etiladi.

Texnik qismida esa ikki xil yechim mavjud. RWD versiyasi 200 kVt (268 ot kuchi) quvvatga ega motor bilan jihozlangan.49 kVt/soat LFP yoki 66 kVt/soat NMC batareyasi bilan 420 km va 560 km masofani bosib o‘ta oladi. AWD versiyasi esa kuchliroq taqdim etilgan. U 115 kVt (154 ot kuchi) old motor va 250 kVt (335 ot kuchi) orqa motor umumiy hisobda 365 kVt (489 ot kuchi) quvvat ishlab chiqaradi. 66 kVt/soat batareya bilan bu versiya 500 – 512 km yurish masofasini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Zeekr 9X ichki ko‘rinishi taqdim etilgani haqida yozgan edi.