Avto

180 ming dollarlik BYD Yangwang U8L avtomobili taqdim etildi

Yangwang U8L 5,4 metr uzunlikka ega
BYD Yangwang U8L
180 ming dollarlik BYD Yangwang U8L taqdim etildi / Foto: BYD

BYD kompaniyasi tomonidan BYD Yangwang U8L avtomobili rasmiy taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Mashinaning narxi 1,28 mln yuan (taxminan $179,8 ming) qilib belgilangan.

Yangwang U8L 5,4 metr uzunlikka, 2,04 metr kenglikka va 1,92 metr balandlikka ega. Uning g‘ildirak bazasi 3 250 mm. SUV BYD’ning e4 platformasida qurilgan. U tank turn, crab walk, suvda qisqa muddatli suzish va hatto baland tezlikda shina yorilganda ham barqarorlikni saqlash kabi funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: CarNewsChina

Avtomobil 2.0T dvigatel, 55,53 kVt·soat Blade batareya va to‘rt elektr motor bilan jihozlangan. Quvvat — 1 180 ot kuchi, moment esa 1 520 Nm. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanishi atigi 3,5 soniyani tashkil etadi. To‘liq elektr rejimida 200 km, umumiy yurish zaxirasi esa 1 160 km. Yonilg‘i baki 90 litr, tezkor quvvatlash orqali batareya 30 foizdan 80 foizgacha 13,5 daqiqada to‘ladi.

Foto: CarNewsChina

Model BYD’ning ilg‘or «God’s Eye» A (DiPilot 600) tizimi bilan jihozlangan. U 3 ta lidar, 5 ta millimetr to‘lqinli radar, 14 ta ultratovush radari va 18 ta kamera orqali avtomatik parkovka, masofadan boshqaruv, shahar va magistralda NOA funksiyalarini ta’minlaydi. Infraqizil ko‘rish tizimi esa qorong‘u, tuman, yomg‘ir va changli sharoitlarda 300 metrgacha obyektlarni aniqlay oladi.

Foto: CarNewsChina

Ichki qism 2+2+2 oltita o‘rindiqli joylashuvga ega. 2-qator yo‘lovchilari uchun maksimal tizzalar orasidagi masofa 280 mm, bagaj hajmi esa 1 115 litrga yetadi.

Multimedia tizimida 12,8 dyuymli OLED egri markaziy ekran, 23,6 dyuymli asboblar paneli, old yo‘lovchi uchun alohida ekran va AR-HUD mavjud. Orqa yo‘lovchilar uchun 21,4 dyuymli shiftga o‘rnatilgan ekran taklif etiladi. Boshqaruv tizimi 3 nm chip asosidagi DiLink 300 dasturiy platformasida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD FCB Tai 7 PHEV yangi gibrid modeli taqdim etilgani haqida yozgan edi.