AQSh G7 va Yevropa Ittifoqini Rossiya neftini xarid qilayotgan Xitoy va Hindistonga tariflar joriy etishga chaqirdi

eʼlon qilindi
G7 mamlakatlarining moliya vazirlari telefon orqali muloqot qildi
neft savosi
AQSh G7 va Yevropa Ittifoqini Rossiya neftini xarid qilayotgan Xitoy va Hindistonga tariflar joriy etishga chaqirdi / Foto: Ochiq manbalar

G7 mamlakatlarining moliya vazirlari juma kuni o‘tkazilgan telefon muloqotida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni muhokama qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. AQSh o‘z ittifoqchilarini Rossiya neftini sotib olayotgan mamlakatlarga qarshi tarif joriy etishga chaqirdi.

Kanada moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan raisligida o‘tgan yig‘ilish G7 mamlakatlarining Rossiyaga bosimni kuchaytirish bo‘yicha yangi choralarni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Kanadaning bayonotida aytilishicha, vazirlar muzlatilgan Rossiya aktivlarini Ukrainaga yo‘naltirish bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishga kelishib olgan. Yangi sanksiyalar, jumladan tariflarni joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan.

AQSh moliya vaziri Skott Bessent va AQSh savdo vakili Jeymison Grir yig‘ilishdan so‘ng tarqatilgan qo‘shma bayonotida ittifoqchilarni Rossiya neftini sotib olayotgan mamlakatlarga qarshi tariflarga qo‘shilishga chaqirgan. Ularning ta’kidlashicha, faqat yagona sa’y-harakatlar orqali urush rejimining asosiy moliyaviy manbalarini qisqartirish mumkin.

Prezident Donald Tramp Hindistondan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha 25 foizlik boj joriy qildi. Natijada umumiy tarif 50 foizga yetdi va bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo muzokaralariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Uning ma’muriyati Pekin bilan erishilgan savdo sulhiga zarar yetkazmaslikni ma’qul ko‘rmoqda. AQSh moliya vaziri Bessent juma kuni Madridga safar qilib, Xitoy vitse-prezidenti Xe Lifeng bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda. Uchrashuvda savdo masalalari, TikTok kompaniyasining AQShdagi faoliyati hamda pul yuvishga qarshi kurash masalalari muhokama qilinadi.

Prezident Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Rossiya prezidenti Vladimir Putin borasida sabri tugayotganini aytgan. U banklar va neft sohasiga sanksiyalar qo‘llash ehtimolini istisno etmadi va Yevropa davlatlarini ham qatnashishga chaqirdi.

«Biz juda qattiq chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», — degan Tramp.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQShdagi mashhur konservativ bloger va Donald Trampning yaqin ittifoqchisi Charlz Kirkning o‘ldirilishi mamlakatda siyosiy zo‘ravonlik to‘lqinini kuchaytirishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek