Dollar kursi hafta davomida qanchaga pasaydi

O‘zbekistonda dollar kursi hafta davomida tebranishlarda davom etdi. Kursiv Uzbekistan nashrining navbatdagi maqolasida dollar hafta davomida qanchaga pasaydi degan savolga javob beriladi.

8-sentabr kuni 1 AQSh dollari 12 439,41 so‘mni tashkil qilib, oldingi kunga nisbatan 81,37 so‘mga pasaydi. 9-sentabrda esa kurs yana 84,27 so‘mga tushib, 12 355,14 so‘m bo‘ldi.
10-sentabr kuni kurs biroz ko‘tarilib, 12 360,86 so‘mni qayd etdi. Oradan ikki kun o‘tib, 12-sentabrda dollar 86,49 so‘mga oshib, 12 447,35 so‘mga yetdi. 13-sentabrda esa kurs yana pasayib, 20,52 so‘mga arzonladi va 12 426,83 so‘m qilib belgilandi.
Umuman olganda, hafta davomida dollar kursi sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rsatdi. Pasayish va ko‘tarilishlar navbatma-navbat kuzatildi. Yakunda esa 8-sentabr bilan solishtirganda, 13-sentabr holatiga ko‘ra dollar 12,58 so‘mga tushdi.
Sana | Kurs (so‘m) | O‘zgarish (so‘m) |
---|---|---|
8-sentabr | 12 439,41 | −81,37 |
9-sentabr | 12 355,14 | −84,27 |
10-sentabr | 12 360,86 | +5,72 |
12-sentabr | 12 447,35 | +86,49 |
13-sentabr | 12 426,83 | −20,52 |
Almashuv kursi moslashuvchanligi Markaziy bank qanday izoh berdi?
Markaziy bank almashuv kursi moslashuvchanligini oshirdi. Bu haqda 11-sentabr kuni regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Almashinuv kursi bo‘yicha oxirgi davrlarda biz ham siyosatni sal o‘zgartirdik. Sal tebranuvchanligi oshib boryapti. Bu ham endi keyingi qadam. Ko‘p yillar davomida tebranish darajasi past bo‘lgani uchun bozor ishtirokchilarida, birinchi navbatda banklar va biznesda, kurs faqat nechadir foizga o‘sadi yoki faqat oshadi. Bugun tushgan bo‘lsayam yana oshadi, degan kutilmalarning shakllanishi ham bunga ta’sir qiladi», – dedi Markaziy bank raisi.
Joriy yilning iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Markaziy bankka valyuta kursini yanada moslashuvchan qilish va kengroq tebranishlarga yo‘l qo‘yishni tavsiya qilgandi. XVJ fikricha, bu tashqi zarbalardan himoya qilish, kompaniyalarni valyuta xatarlarini sug‘urtalashga undash, pul-kredit siyosati samaradorligini kuchaytirish va kursning doimiy pasayishidan iborat kutilmalarni oldini olishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 15-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilingani haqida yozgan edi.