
Pokiston sharqidagi Panjob provinsiyasida kuchli musson yomg‘irlari va daryolarning toshib chiqishi oqibatida yirik toshqin yuz berdi. Oqibatda 950 dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Favqulodda holat tufayli 4,4 mlndan ortiq aholi zarar ko‘rdi, shulardan qariyb 2,4 million kishi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Daryolar — Chenab, Ravi va Satlej o‘z qirg‘oqlaridan chiqib, 4,5 mingdan ortiq qishloqni suv ostida qoldirdi, 8,4 mingdan ortiq uy vayron bo‘lgani aytilmoqda.
Hozirda hukumat vaqtinchalik lagerlar tashkil etib, aholiga yordam ko‘rsatmoqda. Qutqaruv ishlari murakkab sharoitlarda olib borilmoqda, chunki yomg‘irlar davom etmoqda.
Meteorologlarning prognoziga ko‘ra, yog‘ingarchilik yana bir necha kun davom etishi mumkin va bu vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu hodisa 2022-yildan buyon eng yirik tabiiy ofatga aylandi. O‘shanda toshqinlar oqibatida 1 700 dan ortiq odam halok bo‘lgan, moddiy zarar esa $32 mlrddan oshgandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Afg‘onistonda uchinchi kuchli zilzila oqibatida kamida 2205 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.