Yangiliklar

Toshkent viloyatida «Zardeks» psixotrop dorisi savdosining oldi olindi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent viloyatida «Zardeks» psixotrop dorisi savdosining oldi olindi / Foto: Depositphotos

Toshkent viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ohangaron bo‘limi, DXX va Bojxona xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar qo‘lga olindi. Ular xorijda ishlab chiqarilgan 1,4 ming dona «Zardeks» nomli psixotrop dorini Toshkent shahrida sotmoqchi bo‘lganida ushlangan. Dori vositalari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mutasaddi idoralar noqonuniy dori savdosiga qarshi kurash davom ettirilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistondan «Regapen» dori vositasini olib kirgan shaxslar ushlangan edi.