
Qozog‘istonning «Qayrat» klubi UEFA Chempionlar ligasining umumiy bosqichi doirasida Olmaotada o‘tkaziladigan uy uchrashuvlari uchun chipta sotuvini yo‘lga qo‘yishini e‘lon qildi.
Klub matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, eng qiziqib kutilayotgan bahslardan biri – «Qayrat» va «Real Madrid» o‘rtasidagi bahsga chiptalar 23-sentabr kuni soat 17:00 dan boshlab sotuvga chiqadi.
Chipta narxlari 30 ming tengedan (taxminan 690 ming so‘m) boshlanib, 250 ming tengeni (taxminan 5,7 mln so‘m) tashkil etadi. Har bir muxlis ikkitadan ortiq chipta sotib ololmaydi. Shuningdek, xarid shaxsni tasdiqlovchi hujjat (passport) orqali amalga oshiriladi.
Klubning ta’kidlashicha, chipta narxlari UEFA bilan kelishilgan bo‘lib, Chempionlar ligasining umumiy bosqichidagi barcha uy uchrashuvlari uchun yagona hisoblanadi. Bu narx siyosati turnir maqomi va o‘yinlarga bo‘lgan yuqori talabni aks ettiradi.
Ma’lumot uchun, «Qayrat» va «Real Madrid» o‘rtasidagi uchrashuv 30-sentabr kuni Olmaota shahrida joylashgan «Markaziy» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur o‘yin uchun chiptalarni qanday xarid qilish mumkinligi haqida xabar berilgandi.