82,22 so‘mga tushgan dollar, «Istanbul Bashakshehir»ni yangi murabbiyi, «Nasaf» va «Al Ahli» o‘yini — 15-sentabr yangiliklari

Dollar 82,22 so‘mga tushdi, «Istanbul Bashakshehir»ga yangi murabbiy keldi, bugun «Nasaf» va «Al Ahli» o‘yini, prezidentning pedagoglar bilan muloqotidagi asosiy xabarlar — Kursiv Uzbekistan 15-sentabrning eng muhim yangiliklarini bir joyga jamladi.
O‘zbekiston Hindiston bilan savdoda Chobahor portidan foydalanishi mumkin

Tehronda Hindiston, Eron va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirliklari darajasida ilk uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ekstremizm va terrorizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirish hamda O‘zbekistonning Hindiston bilan savdoda Chobahor portidan samarali foydalanishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Yilning ikkinchi choragida eng ko‘p qaysi smartfonlar xarid qilingan

Counterpoint Research hisobotiga ko‘ra, yilning ikkinchi choragida eng ko‘p sotilgan smartfon yana hamon Apple’ning iPhone 16 modeli bo‘lib qolmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda iPhone 16 Pro Max va iPhone 16 Pro joylashgan.
Elit OChL. «Nasaf» bugun «Al Ahli»ga qarshi o‘yin bilan turnirdagi yurishini boshlaydi

Bugun Qarshining «Nasaf» klubi Elit Osiyo Chempionlar ligasi 1-turi doirasida turnirning amaldagi chempioni Saudiya Arabistonining «Al Ahli» klubiga qarshi maydonga tushadi. «Nasaf» va «Al Ahli» hozirga qadar o‘zaro to‘rt marotaba to‘qnash kelishgan. Ularning ikkitasida jiddaliklarning, bittasida esa qarshiliklarning qo‘li baland kelgan. Yana bir bahs durang natija bilan yakunlangan.
Fond bozori: o‘tgan haftada qaysi aksiyalar qimmatlashib, qaysilari arzonlashdi

«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 5-sentabrdan 12-sentabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,03 foizga o‘sdi. Mazkur davrda «O‘zbektelekom» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 7,82 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» (+5,91%) va «Olmaliq KMK» (+5,71%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Qo‘shtepa tumanida 40 mln dollarlik sanoat loyihalari amalga oshiriladi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Qo‘shtepa tumanida tashkil etilayotgan maxsus sanoat zonasidagi qiymati $40 millionlik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu loyihalar qurilish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, sanoat va trikotaj yo‘nalishlariga mo‘ljallangan.
Yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetadi — prezident

Yil yakunida aholi jon boshiga daromad $3,5 mingga yetishi, yalpi ichki mahsulot hajmi esa $130 milliardga chiqishi kutilmoqda. Bu haqda davlat rahbari pedagoglar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Xorijiy til sertifikatlari endi maktab imtihonlarida ham tan olinadi

Endilikda xalqaro sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham rasmiy tan olinishi belgilandi. Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda xalqaro sertifikatga ega yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish masalasi ko‘tarildi.
Prezident maktablari kabi har bir viloyatda «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil qilinadi

Prezident maktablari kabi har bir viloyatda «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil qilinadi. Ushbu bog‘chalarda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi. Shuningdek, yangi metodikalardan foydalanish imkoniyati xususiy bog‘cha tarbiyachilari uchun ham doim ochiq bo‘ladi.
MDH mamlakatlarida ishsizlik: O‘zbekistonda ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda MDH bo‘yicha eng ko‘p ishsiz Rossiyada qayd etilgan — 1,915 mln kishi. Rossiyadan keyingi eng katta ko‘rsatkich O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. 2020-yilda mamlakatda ishsizlar soni 1,56 mln kishini tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu raqam 836,4 ming kishigacha qisqardi. Shunga qaramay, bu MDH hududida Rossiyadan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Gonkong shahrida o‘tkazilgan «Bir kamar, bir yo‘l» sammiti doirasida Uzbekistan Airports kompaniyasi va Gonkong xalqaro aeroporti o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Bitim O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish hamda aeroport boshqaruvi, xizmat ko‘rsatish sifati va operatsion samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
«Investоr – tarmoq – texnikum» zanjiri asosida dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi

Kelasi yildan sanoatda $45 milliardlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. Shu munosabat bilan «Investоr – tarmoq – texnikum» zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Dual ta’lim qamrovi besh barobar kengaytiriladi. Hamkor korxonalar uchun besh milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi, dual ta’limdagi o‘quvchilar uchun yagona ijtimoiy to‘lov ikki baravar kamaytiriladi.
O‘zbekistonda chet eldagi Top-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi

Chet eldagi Top-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari O‘zbekistonda ochiladi. Ushbu tashabbuslar natijasida talabalar xalqaro standartlarga mos bilim olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shomurodov va Fayzullayev jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi

Dortmundning «Borussiya» klubi sobiq bosh murabbiyi Nuri Shahin «Istanbul Bashakshehir» bilan uch yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda turk klubi matbuot xizmati rasman e’lon qildi.
16-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

16-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kuni uchun AQSh valyutasi 12 344,61 so‘m (-82,22 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 65,52 so‘mga tushib, 14 501,21 so‘mni, rubl esa 2,74 so‘mga oshib, 149,70 so‘mni tashkil qildi.
2026-yildan ayrim pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi

Yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.