Fond bozori: o‘tgan haftada qaysi aksiyalar qimmatlashib, qaysilari arzonlashdi

«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 5-sentabrdan 12-sentabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,03 foizga o‘sdi.
Mazkur davrda «O‘zbektelekom» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 7,82 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» (+5,91%) va «Olmaliq KMK» (+5,71%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «O‘zbekgeofizika» aksiyalari 9,35 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Qo‘qon mexanika zavodi» aksiyalari (-4,39%) va «Aloqabank»ning oddiy aksiyalari (-4,35%) ham pasayish bilan ajralib turdi.
Faqatgina «Aloqabank»ning imtiyozli aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Kapital sug‘urta» (1 725 ta), «Aloqabank» (708 ta) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (652 ta bitim) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (160,07 mln so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (142,03 mln so‘m) va «O‘zbektelekom» aksiyalari (45,02 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 11 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz, qolgan 11 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 13,26 mlrd so‘m bo‘ldi.
«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 29-avgustdan 5-sentabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 2,8 foizga oshgandi. Mazkur davrda «Hamkorbank» imtiyozli aksiyalari ikki haftalik pasayishdan keyin 5,97 foizga qimmatlashgandi. Shuningdek, «Aloqabank»ning oddiy aksiyalari (+4,55%) va «Uzbekinvest» (+2,42%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.