Fransiyada nafaqadagilarning o‘rtacha daromadi ishlayotganlarnikidan ko‘proq — Financial Times

eʼlon qilindi
Taxminan 1 foiz ko‘proq daromad oladi
Foto: photography33 / depositphotos

Luxembourg Income Study nodavlat tashkiloti tadqiqoti ko‘ra, Fransiyada pensiya yoshidagilar o‘rtacha hisobda ishlayotgan aholiga qaraganda ko‘proq daromad olayotgan yagona davlat bo‘ldi. Bu haqda Financial Times tahririyati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, fransuz pensionerlari yosh ishchilardan taxminan 1 foiz ko‘proq daromad oladi. Taqqoslash uchun, Italiyada bu tafovut 4-5 foizni tashkil etadi. Germaniya, AQSh, Kanada va Norvegiyada pensiya miqdori ish haqining 85 – 90 foiziga teng. Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Daniya va Niderlandiyada esa ishlayotganlarning daromadi nafaqa oluvchilarnikidan qariyb chorak qismga yuqori.

DW’ning avgustdagi xabarida esa Germaniyada ishsizlarning daromadi ishlayotganlardan atigi bir necha yuz yevroga kamligi aytilgan edi. Shu bois nemislardan yashash uchun ko‘proq ishlash talab qilinmoqda.

Fransiyada pensiya yoshidagilar soni yil sayin ortib bormoqda: 2023-yilda ularning umumiy soni 17,2 million kishiga yetgan, bu 2022-yildagiga nisbatan 1,3 foiz ko‘p. Shu bilan birga, 2015-yildan buyon o‘sish sur’ati sekinlashgani kuzatilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiyada pensiyalarning o‘rtacha miqdori soliqdan oldin 1666 yevro, sof hisobda esa 1541 yevroni tashkil qiladi. Biroq 2017 – 2023-yillar oralig‘ida pensiya real qiymati inflyatsiya hisobga olinsa pasaygan, chunki indeksatsiya narxlar o‘sishidan ortda qolmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish masalasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi haqida yozgandi.

Shuningdek