
Kelasi yildan sanoatda $45 milliardlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. Shu munosabat bilan «Investоr – tarmoq – texnikum» zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Dual ta’lim qamrovi besh barobar kengaytiriladi. Hamkor korxonalar uchun besh milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi, dual ta’limdagi o‘quvchilar uchun yagona ijtimoiy to‘lov ikki baravar kamaytiriladi. Bundan tashqari, texnikumlarda chet tillari darslari to‘rt barobar ko‘paytiriladi. Maxsus raqamli platforma orqali bitiruvchilarning ko‘nikmalari haqidagi ma’lumotlar nafaqat mahalliy, balki xorijiy ish beruvchilarga ham ochiq bo‘ladi.
Shuningdek, bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilinadi. Kasbiy ko‘nikmaga ega istalgan talabgor bu texnikumlarda xalqaro baholash tizimi orqali imtihon topshirib, sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.
Korxonalar bilan hamkorlikda esa zamonaviy ustaxonalar tashkil etish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. G‘oliblarga yangi uskunalar, jihozlar va sport anjomlari olib beriladi.
Texnikum o‘qituvchilariga ustamalar
Texnikum o‘qituvchi va ustalarining maqomi ham oshiriladi. Ular uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinib, milliy sertifikat uchun 30 foiz, xalqaro sertifikat uchun esa 50 foiz ustama beriladi. Direktor va o‘rinbosarlari ham maktabdagidek oylikka ega bo‘ladi. «Direktorlar maktabi»da menejerlik sertifikati olganlar yana 20 foiz qo‘shimcha ustama oladi.
Bundan tashqari, ilmiy daraja va unvonlar uchun ham qo‘shimcha haq to‘lanadi. Har yili 500 nafar o‘qituvchi xorijiy ta’lim muassasalariga, 500 nafar ustalar esa yirik korxonalarga malaka oshirishga yuboriladi.
Avvalroq yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish masalasida yangi agentlik tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, kelgusi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizi — qo‘shimcha 200 ming o‘quvchini texnikumlarda o‘qishga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ushbu jarayonni yagona siyosat asosida tashkil qilish uchun maxsus Kasbiy ta’lim agentligi tuziladi.