
Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida Leapmotor D16 avtomobilining rasmiy tasvirlari tarqaldi. CarNewsChina nashriga ko‘ra, yangi model narxi 300 ming yuan (taxminan $42,100) atrofida bo‘ladi.
Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, D seriyasida ikkita yirik model — MPV va SUV ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. D16’ning ommaviy ishlab chiqarilishi 2026-yilning birinchi choragida, mijozlarga yetkazib berilishi esa birinchi yarim yillikda boshlanishi kutilmoqda.

Ayni paytda avtomobilning nomi D16 bo‘ladimi yoki D19 qilib o‘zgartiriladimi — bu rasman tasdiqlanmagan.
Leapmotor asoschisi Chu Jiangmin o‘tgan yil dekabr oyida kompaniya keyingi uch yilda A, B, C va D seriyalarini taqdim etishini, ular 60 mingdan 300 ming yuangacha (8 400–42 100 dollar) bozor segmentini qamrab olishini ma’lum qilgan edi. D seriyasi 200 mingdan 300 ming yuangacha baholangan.

Joriy yil iyul oyida Leapmotor vitse-prezidenti Chao Li D seriyasi SUV’ni brendning ilk flagman modeli deb atagandi. U allaqachon yozgi sinovlarni muvaffaqiyatli o‘tagani aytilmoqda. Shu yilning yozida Turpan (Xitoydagi eng issiq hudud)da o‘tkazilgan sinovlarda 20 dan ortiq yangi model ishtirok etgan bo‘lib, ular orasida sedan, xetchbek, SUV va MPV’lar bo‘lgan.

D seriyasining asosiy yangiliklaridan biri — ikki Qualcomm Snapdragon 8797 chipidan foydalanish. Ulardan biri aqlli kokpit uchun, ikkinchisi esa ilg‘or haydash yordamchi tizimlari uchun ishlatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Leapmotor B10 Yevropada taqdim etilgani haqida yozgan edi.