
Dortmundning «Borussiya» klubi sobiq bosh murabbiyi Nuri Shahin «Istanbul Bashakshehir» bilan uch yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda turk klubi matbuot xizmati rasman e’lon qildi.
«Bu men uchun o‘ta muhim kun. Klubga kelgan zahotimdanoq qanday qimmatli joyga qadam qo‘yganimni his qildim. Bu yerda oilaviy muhit bilan birga raqobatbardosh va professional sharoit mavjud. Oldinda uzun yo‘l bor, ammo qo‘limdan kelgan barcha kuch – g‘ayratimni ishga solaman», — dedi 37 yoshli mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Nuri Shahin joriy yilning yanvar oyigacha «Borussiya Dortmund»ni boshqargandi. Chempionlar ligasida «Bolonya»ga qarshi 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng jamaoning natijalari pasayib ketgach, klub rahbariyati sobiq yarimhimoyachi bilan hamkorlikni to‘xtatgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov, shuningdek, iyul oxirida yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullayev «Istanbul Bashakshehir» bilan shartnoma imzolagandi.
Avvalroq Istanbul jamoasi 45 yoshli turkiyalik mutaxassis Chag‘dash Atanni iste’foga chiqargani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Atan bilan shartnoma ikki tomonning kelishuvi asosida bekor qilingan.