
Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.
Yangi nizomga ko‘ra, abituriyentlar prezident hujjatlari bilan tasdiqlangan yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti, jumladan, ta’lim grantlari asosida hamda Davlat qabul komissiyasi tasdiqlagan umumiy parametrlarga muvofiq qabul qilinadi.
Kirish imtihonlari ikki bo‘limdan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘limda barcha abituriyentlar ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test topshiradi. Ikkinchi bo‘limda esa tanlangan yo‘nalishga mos ikki fandan test sinovi yoki kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi.
Qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi: 5 – 25-iyun oralig‘ida abituriyentlar fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi. Test sinovlaridan so‘ng 15 kun davomida esa oliy ta’lim muassasasi, yo‘nalish, ta’lim shakli va ustuvorlik bo‘yicha tanlov qilinadi.
Abituriyentning test ballari imtihondan keyingi kun e’lon qilinadi. Yakuniy natijalar esa ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichi tugaganidan so‘ng bir hafta ichida Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy sayti orqali ma’lum qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda chet eldagi Top – 100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochilishi haqida yozgandi.