O‘zbekiston Afrika bozoriga Misr – Afrika tadbirkorlari uyushmasi orqali chiqmoqchi

O‘zbekiston diplomatlari Misr – Afrika tadbirkorlari uyushmasi (EABA) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Tomonlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va logistika sohalarida qo‘shma loyihalar ustida ishlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, o‘zaro investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlar o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
EABA Misr va Afrikaning yirik kompaniyalari hamda ishbilarmonlarini birlashtirgan uyushma bo‘lib, qit’adagi savdo va investitsiyani kengaytirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda u Afrikaning 20 dan ortiq davlatlarida vakolatxonalarga ega.
Avvalroq O‘zbekiston va Malayziya $5 milliarddan ortiq qiymatdagi loyihalarni amalga oshirishi haqida xabar qilingandi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik barqaror o‘sib bormoqda va kelgusida ham strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Shu sabab O‘zbekistonda malayziyalik hamkorlar bilan qiymati $5 mlrddan oshadigan 40 dan ortiq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.