O‘zbekiston Hindiston bilan savdoda Chobahor portidan foydalanishi mumkin

Tehronda Hindiston, Eron va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirliklari darajasida ilk uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ekstremizm va terrorizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirish hamda O‘zbekistonning Hindiston bilan savdoda Chobahor portidan samarali foydalanishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda, xususan, transport va logistika yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, portlarning strategik o‘rnidan foydalanish va Xalqaro shimol–janub transport koridori (INSTC) imkoniyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur uchrashuv oldidan Hindiston–Eron–Armaniston uch tomonlama yig‘ilishi ham o‘tkazilgan bo‘lib, unda INSTC va Armanistonning Chobahor portidan foydalanishi masalasi ko‘rilgandi.
O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston va Tojikiston ham Hindiston bilan savdoni oshirish hamda Hind okeani mintaqasiga chiqish uchun Chobahor portidan foydalanishga qiziqish bildirmoqda. Hindiston esa Yevroosiyo bozorlariga kirish va u yerdan, jumladan, kamyob yer metallarini xarid qilish uchun Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan tezkor erkin savdo bitimi tuzishga intilmoqda.
Avvalroq Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda uchta quruqlik portini qurishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, kompaniya hozirda Andijon viloyatidagi O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasi yaqinida, Termiz shahrida va Buxoro viloyatining Olot tumanida quruqlik portlari qurish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Malayziyaning Mutiara Perlis Sdn Bhd kompaniyasi ijrochi raisi Shabaruddin Ibraxim Andijonda port qurish tashabbusiga katta qiziqish bildirganini va hamkorlikda amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qilgan.