O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Gonkong shahrida o‘tkazilgan «Bir kamar, bir yo‘l» sammiti doirasida Uzbekistan Airports kompaniyasi va Gonkong xalqaro aeroporti o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Bitim O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish hamda aeroport boshqaruvi, xizmat ko‘rsatish sifati va operatsion samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Shuningdek, hujjatda Gonkong Xalqaro Aviatsiya Akademiyasi (HKIAA) dasturlari orqali kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va aviatsiya sanoatini barqaror rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar belgilangan.
«Gonkong aeroporti bilan memorandum imzolanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni rivojlantirish va aviatsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ushbu kelishuv yo‘lovchi oqimini oshirish, turizmni rivojlantirish va mamlakatimiz transport-logistika salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Salohiddin Nasirov.
Gonkong xalqaro aeroporti bosh direktori Vivian Chang esa hamkorlikdan mamnunligini bildirib: «Shartnoma yangi yo‘nalishlarni ochadi, O‘zbekiston va Gonkongni bog‘lovchi reyslarni ko‘paytiradi. Biz aviatsiya sohasida mutaxassislarni tayyorlashga katta e’tibor qaratmoqdamiz. 2017-yildan beri HKIAA 380 mingdan ortiq ishtirokchilar uchun dasturlarni amalga oshirdi va O‘zbekistonlik hamkorlarning bu tajribaga yuqori qiziqishi bizni quvontiradi», — deya ta’kidladi.
Bugungi kunda Gonkong xalqaro aeroporti dunyo bo‘ylab 200 dan ortiq yo‘nalishga xizmat ko‘rsatadi. Ulardan 58 tasi «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusi doirasida 36 davlatdagi aeroportlarni qamrab olgan. Mazkur maskanda 140 ga yaqin aviakompaniya parvozlarni amalga oshirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiy aeroporti Mo‘g‘uliston yuk aviakompaniyasining ilk reysini qabul qilgani haqida yozgandi.