
Chet eldagi Top-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari O‘zbekistonda ochiladi. Ushbu tashabbuslar natijasida talabalar xalqaro standartlarga mos bilim olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda to‘rtta oliygoh dunyoning Top-1000 reytingiga kirgan bo‘lsa, yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkaziladi.
Shuningdek, oliygohlarda xorijiy Top-500 universitetlari bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotеxnologiya, tibbiyot, «yashil» energetika kabi yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Kelgusi yilda esa 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, 500 ta nufuzli oliygoh rektorlari va bir mingdan ziyod xalqaro ekspertlar ishtirokida Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘tkazilishi belgilangan.
Shu bilan birga, xorijlik talabalar soni besh barobar oshiriladi va ta’lim eksporti hajmi $200 millionga yetkaziladi.
Avvalroq Toshkentda yangi ToshTech texnika universiteti ochilishi haqida xabar berilgandi. Yangi oliygoh akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv sohalarida mustaqil bo‘ladi. Ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi: 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab Davlat budjeti hisobidan 1 yillik tayyorlov kurslari ochiladi.