O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin

eʼlon qilindi
Ayrim cheklovlar bartaraf etiladi
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin / Foto: Nevermindthebuspas

O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda partiya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanganidek, islomiy moliya tizimida savdo va sheriklik asosida moliyalashtirish keng qo‘llaniladi. Biroq, amaldagi qonunchilikda tijorat banklari tomonidan bunday moliyalashtirish shakllaridan foydalanishga qator to‘siqlar mavjud. Masalan, islomiy moliya amaliyotida banklar savdo faoliyati orqali mijozlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lsa, O‘zbekistonda tijorat banklariga savdo bilan bevosita shug‘ullanish taqiqlangan.

Shuningdek, islomiy moliyada sheriklik asosida moliyalashtirishga ruxsat etilgan bo‘lsa-da, mamlakatimizda tijorat banklariga yangi yuridik shaxs tashkil etish yoki ularning ustav kapitalida ishtirok etish bo‘yicha cheklovlar qo‘yilgan.

Shu sababli, mazkur to‘siqlarni bartaraf etish va islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish talab etiladi.

Qonun qabul qilinishi natijasida O‘zbekistonda islomiy moliya institutlari uchun AAOIFI (Accounting and Auditing Organization for Islamic Financial Institutions) va IFSB (Islamic Financial Services Board) standartlariga mos keluvchi huquqiy asos yaratiladi.

Ushbu hujjatning amalga oshirilishi islomiy banklar va islomiy «darcha»lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, «yashirin» iqtisodiyot ulushini kamaytirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank 9 ta bank va 6 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgan edik.

Shuningdek